Xaloskor beshiktervatar

Tomorqada ishlayotgandim. Bir qaldirg‘och kelib mening ustimdan aylanib uchaverdi. Bezovtaligini bilib, boshimni ko‘tardim. Avvaliga hech narsaga tushunmadim, biroz angrayib turgach, miyamga “Iniga biror kor-hol bo‘ldimi?”, degan fikr keldi. Qaldirg‘ochning ayvondagi uyasi oldiga keldim. Polaponlari o‘z inida soppa-sog‘ turibdi, ammo qush tepamda tinimsiz aylanyapti.

Razm solib qarasam, shiftdagi bolorlar orasidan chipor ilon sudralib inga yaqinlashyapti. Holatni ko‘rib dong qotib qoldim. Qaldirg‘och mendan umidini uzdi chog‘i, qayergadir uchib ketdi. U bir zumda tumshug‘ida beshiktervatar bilan paydo bo‘lib, uni ini oldiga qo‘ydi. Ilon tilini chiqarib, uya tomon yaqinlashib kelaverdi.

Ilon inga yaqin kelganida beshiktervatar chaqqonlik bilan ikki marta oyoqlarini cho‘zib, hujumga o‘tdi. Dastlab nima bo‘lganini payqamay qoldim. U ikki cho‘zilib sakrashda ilonning ikki ko‘zini o‘yib olgan ekan. Ilon shipda bezovtalanib, pastga qulab tushdi. Qaldirg‘och chirqirashdan tinmasdi. Ilon pastda kulcha bo‘lib yotib oldi.

Qaldirg‘och esa beshiktervatar oldiga asta yaqinlashdi va uni avaylab tishlab olib kelgan tomoniga bir zumda tashlab keldi...

Fayzulla ISMOILOV.