Xalq demokratik partiyasi saylovda qanday ishtirok etadi?
Partiya Markaziy Kengashi tomonidan o‘z dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, aholini ijtimoiy va iqtisodiy sohadagi muammolari va ularning yechimlari mavzusida onlayn o‘quv-seminar tashkil qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Markaziy Kengashi mas’ullari, viloyat va tuman (shahar) kengashlari raislari, mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari, partiya faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etgan seminarda dastlab “Nomzodlarni o‘z hududidan kelib chiqib, saylovoldi dasturlarini ishlab chiqish” masalasi muhokama qilindi.
Mavzu yuzasidan partiya Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i Boymurat Yusupov so‘z yuritib, mustaqillik yillarida saylov qonunchiligi bosqichma-bosqich rivojlanganini, tizim har bir bosqichda Konstitutsiya va xalqaro andozalarga mos ravishda islohotlar maqsadi va fuqarolar siyosiy-huquqiy ongining o‘sib borishiga mutanosib tarzda yangi pog‘onaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng shahar va tumanlar saylovoldi dasturining asosiy ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Bu borada shahar va tuman kengashlari raislari xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga ko‘rsatilishi rejalashtirilgan nomzodlarning saylovoldi dasturini shakllantirish bo‘yicha taqdimot qildi.
Hududning geografik joylashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, aholini qiynayotgan 10-15 ta muhim masalalar olib chiqilayotgani, ularning yechimi yuzasidan aniq, asosli takliflar berilishi zarurligi bildirildi.
Seminar ishtirokchilariga deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturini shakllantirishda hududdagi aholini qiynayotgan muammoli masalalar va ularning yechimlari yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Xususan, nafaqat odamlarning muammolarini aniqlash va hal qilish, balki ularning bugun ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rganish, davlatimiz va jamiyatimizni har tomonlama rivojlantirishga doir taklif va ularning yechimi yuzasidan tavsiyalarini jamlash zarurligi qayd qilindi.
Partiyaning doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotgan dolzarb ijtimoiy masala - nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini huquq va manfaatlarini ta’minlash choralarini ko‘rish ta’kidlandi.
Ishtirokchilar, shuningdek, saylovlarda ko‘rsatiladigangan nomzodlarni jamoatchilik ishonchini qozonishi uchun partiya tashkilotlarining oldida turgan dolzarb vazifalar xususida tegishli tavsiyalar oldi.
Qizg‘in savol-javob, taklif va mulohazalarga boy seminar yakunida galdagi vazifalar belgilab olindi.
Badriddin Nasriyev, partiya viloyat Kengashi raisi.