Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputatlari 26 ta qonun loyihalari bo‘yicha 70 ga yaqin taklif berdi

Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari demokratik islohotlar mohiyati xususida to‘xtalar ekan, senatorlar mahalliy kengashlar va ularning deputatlari faoliyatini tubdan o‘zgartirishga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga mas’ul bo‘lishlari davr talabi ekanini ta’kidlab o‘tgandi. Xususan, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi ishini namunali yo‘lga qo‘yish va bu tajriba orqali xalq vakillarining jamiyatdagi yetakchiligini ta’minlash vazifasini o‘rtaga tashlagandi.

O‘tgan qisqa muddatda bu borada viloyatimizda muayyan ishlar bajarildi. Oliy Majlis Senati yordamida viloyat, shahar va tuman hokimliklarida senatorlar xonasi tashkil etildi. Bu xonada Kengashlarning, doimiy komissiya raislari va deputatlarning muntazam ishlashi uchun sharoit yaratildi. Sessiyaga masalalarni puxta tayyorlash, sessiya qarorlari ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, doimiy komissiya yig‘ilishlari nufuzini oshirish, saylovchilar murojaatlari bilan ishlash yuzasidan seminarlar uyushtirildi, amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada deputatlarning faolligi sezilarli darajada oshdi. 26 ta qonun loyihalari yuzasidan o‘tkazilgan muhokamalarda viloyat Kengashi deputatlari 70 ga yaqin takliflar berishdi.

Sessiyada ko‘riladigan masalalarni bir oy oldin viloyatdagi OAVda e’lon qilish an’anaga aylandi. Ishchi guruhi aholidan, saylovchilardan telegram orqali har bir masala bo‘yicha 30-40 tagacha taklif-mulohaza qabul qildi va ular sessiyada e’lon qilindi. Ayrimlari bo‘yicha deputatlik so‘rovlari uyushtirildi. Deputatlik so‘rovi va uning ijrosi bo‘yicha javob matnini ham matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda chop etish tajribasi shakllandi. Deputatlik so‘roviga javob bermagan yoki kechikib javob bergan rahbarlar e’lon qilib borildi. Bunday uslub kambag‘al oilalarga yordam uyushtirishda e’tiborsizlik va mas’uliyatsizliklarga barham berdi va “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 27,9 milliard so‘m mablag‘ning egalariga o‘z vaqtida, adolatli yetib borishini ta’minladi.

Senat yordamida viloyat Kengashi deputatlarining shahar va tuman kengashi deputatlariga amaliy yordamini uyushtirish o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish barobarida deputatlarning xalq o‘rtasida nufuzini oshirishga ham xizmat qildi. O‘zaro hamkorlik tufayli joylarda 100 dan ortiq loyihalar o‘z muddatida amalga oshirildi. Umuman, ro‘yxatga olingan 47.700 nafar kambag‘al oilaning har biri hozirda ham saylov okruglari bo‘yicha deputatlar e’tiborida turibdi.

Deputatlar faolligi, tabiiyki, sessiya va doimiy komissiya yig‘ilishlarining samarali bo‘lishini ta’minlayapti. Har bir sessiyani Kengash raisi tasdiqlab bergan jadval asosida doimiy komissiyalar navbati bilan tayyorlashi yaxshi natija berdi. Yilning o‘tgan davrida 59 ta masala qizg‘in muhokama etildi. Ularda deputatlarning yarmidan ko‘pi munosabat bildirdi. Uchta ijro organi rahbarining hisoboti qaytarildi, 5 nafar rahbarga intizomiy chora ko‘rildi. Demoqchimanki, oshkora muhokama, adolatli qarorlar ijro hokimiyati faoliyatining samardorligini oshirishga yordam berdi. Ana shu jarayon viloyatdagi OAV, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgani bois, saylovchilarning o‘z deputatlariga ishonchi ortib bormoqda. Binobarin, sessiyaning har bir qarori OAVda berib borilayapti. Keyingi sessiyamiz ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri berildi.

Senat yalpi majlisida Samarqand viloyati hokimining viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan hisoboti muhokamasi va unda qabul qilingan qarorlar faoliyatimizda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Senat ishchi guruhi aniqlagan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Undagi har bir muammo ijrosini nazorat qilish uchun faol deputatlar biriktirildi. Hozirgacha bu ishlarning aksariyati yechimini topdi.

Viloyat Kengashi doimiy komissiyalari raislari viloyat televideniyesi orqali aholi bilan ikki marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazdi. Ayniqsa, pandemiya sharoitida mahalliy kengashlar deputatlarining o‘z saylov okruglarida kambag‘allikni qisqartirish, nochor oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, tomorqadan unumli foydalanish borasida aholiga sidqidildan yordam berayotgani, bu boradagi muammolarga yechim topayaptgani ularning saylovchi bilan munosabatlarini yaqinlashtirmoqda. Misol uchun daromad manbaiga ega bo‘lmagan oilalardan 6.693 tasiga amaliy yordam ko‘rsatildi, ya’ni ayrimlariga oilaviy tadbirkorlikni boshlash, tomorqadan foydalanishi uchun kreditlar ajratildi, ayrimlariga kasanachilik imkoniyatlari berildi.

Namunali Kengash sari intilish ishimizga jo‘shqinlik bag‘ishlayapti. Shu bois davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalarini yanada to‘laroq amalga oshirish maqsadida Kengashda maosh olib ishlovchi kotibiyat tuzish taklifi tushdi. Bu taklif deputatlar tomonidan ma’qullandi. Ochig‘i, deputatlik faoliyatini umumlashtirish, uni monitoring qilish, hisobotlar tayyorlash ilgari jamoatchilik asosida bajarildi. Sinov tariqasida Samarqand shahri va Oqdaryo tumani Kengashlarida ham joriy etilgan kotibiyat bu ishlarni doimiy tarzda olib boradi va deputatlar faoliyatini yanada jonlantirishga, Kengash faoliyati samardorligini oshirishga xizmat qiladi.

Yilning ikkinchi yarmi uchun tuzilgan rejalar yanada salmoqli. Avvalo, navbatdagi sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosariga Kengash so‘rovi yuborishni mo‘ljallayapmiz. Bu qurilish ob’yektlaridagi tartib-tamoyilga rioya etish bo‘yicha bo‘ladi. Undan keyin yil oxirigacha har oyda bitta tuman hokimining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha hisobotini eshitamiz. Darvoqe, rejamizda viloyat tashkilotlari va sektor rahbarlarining u yoki bu dasturlar ijrosi bo‘yicha hisobotlarini, doimiy komissiyalar va deputatlarning o‘z faoliyatlari yuzasidan axborotlarini eshitish ham bor.

Senat birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan halq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi ishini namunali tashkil etish topshirig‘i bizga g‘urur bag‘ishlaydi va shu bilan birga mas’uliyat yuklaydi. Deputatlarimiz saylovchi ishonchini oqlash, xalqning e’tirofiga sazovor bo‘lish, muhimi, o‘z burchini sidqidildan bajarishga intilaveradi.

Farmon TOShEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.