Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yig‘ilish Samarqand viloyati tumanlari bilan bog‘langan holda videokonferensiya tarzida o‘tkazildi.

Unda Respublika komissiyasi va 4-mintaqaviy Ishchi guruh a’zolari, senator va deputatlar hamda mas’ul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani Kengash raisi, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov ochib berdi.

Unda viloyatda joriy yilning o‘n bir oyi davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

Dastlab so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Respublika komissiyasining 4-mintaqaviy ishchi guruhi rahbari E.Yuldashev hududda umumiy jinoyatchilik va jinoyat-qidiruv sohasidagi jinoyatlar soni oshmagan bo‘lsa-da, tumanlar kesimida, ayniqsa, ayrim mahallalarda huquqbuzarliklar soni ortganligini ta’kidladi. Jumladan, viloyatdagi 1087 mahallaning 838 tasida yoki 77,1 foizida huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilib, ularning deyarli har to‘rtinchisida jinoyatlar soni oshgan.

Bunga hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinmaganligi, yetarli malaka, ish staji va tajribaga ega bo‘lmagan profilaktika inspektorlarining tayinlanishi hamda kuch va vositalarning to‘g‘ri taqsimlanmaganligi sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, ba’zi mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari jamoatchilik manfaatlari yo‘lida jon kuydirish u yoqda tursin, hattoki o‘zlari qing‘ir yo‘llarga qadam qo‘yayotgani joylarda noxush statistikaning hanuz kamaymayotganiga qisman sabab bo‘lmoqda. Hisobot davrida Samarqand viloyatidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 7 nafar xodimi (5 nafar mahalla raisi, 2 nafar mas’ul kotib) tomonidan jinoyat sodir etilgan. Shuningdek, joriy yil davomida 239 ta transport hodisasi ro‘y bergan.

Yig‘ilishda urg‘u berilgan yana bir masala voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarlik holatlarining sodir etilayotgani bo‘ldi. Qayd etilganidek, bunday jinoyatlar soni Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om, Paxtachi, Narpay tumanlarida ortgan. O‘smirlar jinoyatchiligining asosiy sabablari qatorida ular orasidagi profilaktika ishlarining talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi. Biroq, bu muammo kompleks xususiyatga ega ekanligi ta’kidlanib, nafaqat huquq-tartibot organlari, balki jamoatchilik tuzilmalari va eng avvalo, oila instituti muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi masalalar yuzasidan viloyat IIB boshlig‘i A.Toshpo‘latovning hisoboti tinglandi.

Tadbir yakunida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Yig‘ilishda respublika komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Bahriddin XONKELDIYeV.