Shaxmat, shashka, futbol bo‘yicha eng kuchli ishchi-xodimlar aniqlandi

SOS bolalar mahallalari Samarqand filialida "Fuqarolik jamiyati haftaligi" doirasida viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari sportning futbol, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha kuch sinashdi.
Viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi, Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston NNTlari assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada 15 ta NNTlardan 150 nafardan ziyod ishtirokchi bellashdi.
Natijalarga ko‘ra, shaxmat bellashuvida viloyat teleradiokanali muxbiri Zamon Eshonqulov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shashka bo‘yicha viloyat karlar jamiyati a’zosi Abdullo Mustakimov g‘olib bo‘ldi.
Futbol bo‘yicha esa adliyachilarga teng keladigani topilmadi. Keyingi o‘rinlar Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi va Yoshlar ittifoqi jamoalariga nasib etdi.
- Davlatimiz rahbarining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, NNTlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, madaniy tadbirlar tashkil etish belgilangan, - deydi Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi boshlig‘i Doston Malikov. - Bu kabi sport tadbirlari ishchi-xodimlarning sog‘lom turmush tarziga amal qilishiga, shuningdek, ommaviy sportni rivojlantirish hamda tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikda ishlash imkonini beradi.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.