Xalq qabulxonalari sarhisobi: Yutuqlar, tajribalar va muammolar

Yashirib nima qildik, keyingi 20-25 yilda aholi o‘zini qiynab kelayotgan muammoni, o‘ylantirayotgan masalani kimga aytishni bilmay, qaysi idoraga borishga hayron qolgan vaqtlar bo‘ldi. Ammo o‘tgan ikki-uch yilda yo‘lga qo‘yilgan ochiqlik, oshkoralik tufayli bu holatga barham berildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni muntazam yo‘lga qo‘yish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, ortiqcha vaqt yo‘qotishi va turli idoralar o‘rtasida sarson bo‘lishining oldini olishga xizmat qilayotir.
Xususan, viloyatimiz shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Xalq qabulxonalariga yil davomida 19 729 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 5204 tasi og‘zaki murojaatlardir.
Viloyat Xalq qabulxonasining o‘ziga yil davomida 4 355 ta, oyiga o‘rtacha 370 tagacha, kuniga esa 20-25 ta murojaat kelib tushgan. Eng ko‘p murojaatlar Samarqand shahar hamda Samarqand, Urgut, Oqdaryo, Payariq va Past Darg‘om tumanlaridagi jismoniy va yuridik shaxslardan bo‘lgan.
Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar Samarqand shahriga (1 529 ta, 2018 yilda 1 757 ta) hamda Oqdaryo (1 258 ta, 2018 yilda 1 644 ta) va Kattaqo‘rg‘on (1 432 ta, 2018 yilda 1 273 ta) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu borada eng kam ko‘rsatkich Bulung‘ur (527 ta, 2018 yilda 924 ta) va Paxtachi (581 ta, 2018 yilda 1228 ta) tumanlarida qayd etilgan.
Umuman, viloyatdagi Xalq qabulxonalariga 2017-2019 yillar mobaynida jami 79 100 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Jumladan, 2017 yilda 34 152 ta, 2018 yilda 25 214 ta, 2019 yilda 19729 ta murojaat ro‘yxatga olingan edi.
Rahbarlar aholi huzuriga…
Aholi bilan ochiq va samarali muloqot qilishni tashkil etish maqsadida Xalq qabulxonalarida hokim, huquqni muhofaza qilish idoralari va boshqa tashkilot rahbarlarining 2 mingga yaqin shaxsiy qabullari tashkil etildi. Qabullarda 20 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning arzlari tinglanib, ularning 9 883 ta murojaati qanoatlantirilgan.
Bundan tashqari, viloyatning barcha tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan davlat va jamoat tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirokida 4370 ta ommaviy sayyor qabullar tashkil etilgan.
Ushbu ommaviy sayyor qabullarda 10 7318 nafar fuqarolar qatnashib, ulardan 28 840 ta murojaatlar qabul qilingan. Ularning 10241 tasi joyida hal etilgan, 18119 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Ayrim masalalar borki, ularni bir yo‘la yoki qisqa fursatda amalga oshirishning imkoni yo‘q. Shu bois vaqt talab qiladigan murojaatlar ijrosi uchun tegishli mas’ullar biriktirilgan. O‘z navbatida, ular tomonidan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning hal etilishi Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olingan.
Yoqubjon GADOYEV tayyorladi.