Xalq ta’limi tizimidagi 54 nafar o‘qituvchi va murabbiylarga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari topshirildi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida “1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan katta tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbiri avvalida davlatimiz rahbarining ta’lim sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 sentyabrdagi tegishli Farmoniga asosan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ta’lim sohasidagi 91 nafar, shu jumladan xalq ta’limi tizimidagi 54 nafar o‘qituvchi va murabbiylarga Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva davlatimizning faxriy unvon, orden va medallarini topshirdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar uchun taniqli san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali tadbirdan so‘ng o‘qituvchi va murabbiylar uchun bayram dasturxoni yozildi.

Bayram tadbirlari bugun davom etadi. Unda shahardagi diqqatga sazovor maskanlar, shu jumladan, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi kabi qator tarixiy obidalarga sayohat uyushtirilishi rejalashtirilgan.