Xalq ta’limi vaziri «sohaga adashib kirib qolganlar»ga boshqa ish topishni tavsiya qildi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov telegram kanalida maktablardagi ijobiy o‘zgarishlar, OTMlarga kirish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni e’lon qildi.

"1,5 million abituriyentning atigi 23 foizi bu yilgi maktab bitiruvchilari bo‘lgan. Ular davlat granti kvotasining 50 foizini egallagan. Qolgan abituriyentlarning umumiy natijasi maktab bitiruvchilarinikidan anchagina orqada bo‘ldi.

OTMga bironta ham o‘quvchisi kirmagan maktablar soni 3 barobarga kamaygan, o‘tgan yili 2126 ta bo‘lsa, bu yil 692 taga tushgan. Bunga o‘tgan yildan bunday maktab rahbarlarini lavozimiga loyiqligini jiddiy ko‘rib chiqish boshlangani katta turtki bo‘lgan.

Shuning uchun o‘z ishiga fidoyi bo‘lgan pedagoglarga ushbu o‘zgarishlarga sabab bo‘lganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz! Aksincha, bu sohaga adashib kelib, avvalgidek paxta va boshqa ortiqcha ishlar bilan o‘ralashib yurishga o‘rganib qolganlarga boshqa ish topishlarini tavsiya qilamiz", deb yozgan vazir.