Xalq vakillari organi bo‘lgan Kengash jamiyat hayotida qachon o‘z o‘rniga ega bo‘ladi?
Ishtixon tumani hokimi – xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Shuhrat Negmatov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi. Tumanning birinchi rahbari, shuningdek, eng yaxshi o‘zgarishlar va uzoq vaqtdan beri o‘zgarmay kelayotgan soha haqida ham gapirib berdi.
- Parlament tavsiyasi asosida viloyatimizda birinchi bo‘lib xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashida rais o‘rinbosari (jamoatchilik asosida) lavozimi joriy qilingandi. Biroq bu lavozim o‘zini oqlamayotgandek, nazarimda.
- Lavozim o‘zini oqlamayotgandek, degan fikringizga qo‘shilmayman.
Tuman hokimligida deputatlar xonasi tashkil qilingan. Ammo deputatlar haqidagi ma’lumotlar yangilanmagandi. Bu kamchilik bartaraf etildi. Shuningdek, xona jihozlar bilan ta’minlanib, xalq noiblari faoliyati uchun zarur sharoit yaratildi.
Parlament tavsiyasi asosida xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashida jamoatchilik asosida rais o‘rinbosari lavozimi joriy qilingach va xalq noiblari uchun maxsus xona tashkil etilgach deputatlar faoliyati jonlandi, deb o‘ylayman.
Bu nimalarda ko‘rinadi? Avvalo, deputatlar rais o‘rinbosari tashabbusi bilan va bevosita rahbarligida saylovchilar bilan tizimli ravishda uchrashmoqda. Natijada deputatlar xalq ichiga kirib, odamlar dardini o‘rganish bilan bir qatorda ijro organi olib borayotgan ishlarini baholayapti. Shu asnoda mavjud kamchilik va muammolarni hal etish choralari ko‘rilyapti.
- Tumandagi deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish borasida xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi raisi tashabbusi bilan qandaydir ishlar amalga oshirilyaptimi?
- Albatta, tuman Kengashi deputatlarining faolligi bevosita Kengash raisiga ham bog‘liq. Sessiyalarda tanqid qilish, ko‘tarilgan masalalarga qo‘shimcha ravishda taklif bildirish, muhokama qilishga keng imkon berilgan. Shu sababli joriy yilda birorta sessiya muhokamasiz o‘tgani yo‘q. Hisobot bergan rahbarlar tanqid qilindi, sohada o‘zgarish qilish bo‘yicha tegishli takliflar bildirildi.
Shuningdek, tumandagi tashkilot rahbarlarining deputatlik so‘rovlariga munosabatlarini o‘zgartirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bunda deputatlik so‘rovlariga belgilangan muddat davomida javob qaytarilmasa, murojaatchi fuqaro va tashkilot rahbarining yuzma-yuz suhbati tashkillashtirilyapti. Misol uchun, kredit masalasida murojaatlarning ko‘pligi sabab «Agrobank» ATB Ishtixon filiali rahbari bilan aholining uchrashuvini tashkil qildik.
Bundan tashqari, kambag‘allik ro‘yxati nechog‘lik aniqligi o‘zim boshchiligimda, deputatlar tomonidan joyida o‘rganildi. Natijada ro‘yxatda bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi.
- Xalq deputatlari tuman Kengashiga viloyatda eng ko‘p rahbarlik qilgan kishilardan birisiz. Aytingchi, mahalliy Kengashlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish uchun yana nimalar qilish kerak?
- Deputat faol bo‘lsa, uni xalq tanisa, muammolar ko‘tarilaversa, ikkinchi tarafda tashkilot rahbarlarining deputatlik so‘rovlariga munosabatlari ijobiy bo‘lsa, deputatning nufuzi ham, xalq oldidagi hurmati ham ortadi. Bu borada qilayotgan ishlarimizni yuqorida aytib o‘tdim. Lekin hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Misol uchun, deputatlarni muammolarga va hal etishning aniq manzillariga yo‘naltirib borishimiz kerak. Chunki viloyat yoki respublika miqyosida hal etiladigan muammolar bo‘yicha tuman tashkilotiga so‘rovnoma yuborish va undan masalani hal etishni talab qilish mantiqsizlik bo‘ladi.
- Ishtixon tumanida sizning rahbarligingizda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gap ketganda nimalarni misol qilib keltira olasiz?
- Tumanga rahbar bo‘lib kelgan vaqtimda investitsiya kirib kelishi nol darajada edi. Shu bois, faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilar, sanoat ishlab chiqarishi yo‘q edi. Bugungi kunda birgina trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida salmoqli ishlar qilindi. Misol uchun ayni paytda “Zarafshon sifat tekstil” va “Maroqand sifat tekstil” ishlab chiqarish korxonalarida bir yarim mingdan ortiq odam mehnat qilmoqda.
Shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi “Ishtixon mega star” MChJ, marmar plitalar tayyorlaydigan “Feruzbek granit”, un mahsulotlariga ixtisoslashgan “Safarboy Tirkashev” korxonalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bular rejalashtirilgan loyihalarimizdan bir nechtasi xolos. Aytish mumkinki, bugun Ishtixonda sanoat jadal sur’atlarda rivojlanib, nafaqat ishsizlik kamaytirilmoqda, balki tumanning eksport imkoniyatlari oshmoqda.
- Tumanda uzoq yillardan buyon deyarli hech narsa o‘zgarmagan qaysi sohani ayta olasiz? Sizningcha, nima uchun shunday bo‘lyapti?
- To‘g‘risi, tumanda turizm sohasi deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Bu bizning eng og‘riqli nuqtamiz. Sohani rivojlantirish masalasida tabiiy imkoniyatlardan kelib chiqib, amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, ekoturizmni rivojlantirish uchun Gulobod mahallasida «Ertaklar orolchasi» qurildi. Unga Samarqand shahri va tumanlardan ham mehmonlar kelib, hordiq chiqarmoqda.
Ichki turizm rivojiga hissa qo‘shayotgan shunday loyihani Xalqobod mahallasida ham amalga oshirish rejalashtirilgan. Albatta, bu ishlarimiz sohada katta burilish yasayapti, deya olmayman. Sohani rivojlantirish uchun hali ko‘p ishlar qilishimiz zarur.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.