Xalqaro anjumanda mehnat sohasidagi muammo va yechimlar muhokama qilindi: “O‘zbekistonda mehnat munosabatlarida ildamlash yuz berdi”

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari Federatsiyalari vakillari ishtirokida «Tez o‘zgaruvchan mehnat sohasi: muammo va yechimlar» mavzusida milliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro mehnat tashkiloti tashkil topganligining yuz yilligi oldidan o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari B.Mahmadaliyev O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari, shuningdek, mamlakatimizda mehnat munosabatlari va qonunchilikda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, munosib mehnat sharoiti yaratilishi, majburiy mehnatga qarshi olib borilayotgan ishlar haqida anjuman ishtirokchilariga ma’lumot berdi.



- Yaqinda jahonda mehnatga munosib munosabatlarni shakllantirib kelayotgan tashkilotimizning tuzilganligiga ham bir asr to‘ladi, - deydi XMTning mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi (AKTRAV) direktori o‘rinbosari Anna Biondi. – Bugungi kunda jahonda 200 milliondan ortiq odamlar rasman ishsiz hisoblanadi. 700 million odam esa qashshoqlikda kun kechirmoqda. Majburiy mehnatga jalb etilib, nomutanosib ravishda haq olayotganlar ham oz emas. Shu o‘rinda O‘zbekistonda mehnat munosabatlarida ildamlash yuz berdi. Bu yerda munosib hayotga asoslangan mehnat tamoyili qaror topdi. Bu xalqaro doiralarda keng e’tirof etilmoqda. Mamlakatingizda XMT konvensiyalari ijrosini ta’minlashga mas’uliyat bilan yondoshilmoqda. Mehnat sohasidagi ulkan qadamlardan biri deb, majburiy mehnatga mutloq barham berilganligi, bolalar mehnatiga ta’qiq qo‘yilganligini baholagan bo‘lardim.

Mehnat sohasi istiqboli masalalari bo‘yicha global komissiyasining «Porloq kelajak uchun ishlash» nomli ma’ruzasi muhokama etildi. Shuningdek, mehnat sohasini rivojlantirishda ustuvor vazifalar, ijtimoiy sherikchilikka asoslangan kelishuvlar va bitimlar ijrosi, xalqaro hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi»ning asosiy jihatlari ham ishtirokchilarning muhokama markazida bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 9-10 aprel kunlari Yoshlar markazida Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkmaniston kasaba uyushmalari vakillari ishtirokida «Transmilliy korporatsiyalarga va ijtimoiy siyosatga taalluqli prinsiplar to‘g‘risidagi uch tomonlama deklaratsiyasi: kasaba uyushmalari uchun harakatlar vositasi» mavzusidagi ikki kunlik xalqaro seminar ham o‘z ishini boshlaydi.

 Dilmurod TO‘XTAYeV.