Xalqaro aviakompaniyalar yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotni O‘zbekiston DXXga taqdim etadi

2020 yilning 1 iyul kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga parvozlarni amalga oshirayotgan xorijiy mamlakatlar havo kemalarining barcha ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar IKAOning standart formatida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga taqdim etiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar bilan ishlash DXX ChQ tomonidan ishlab chiqiladigan tizim bo‘yicha amalga oshiriladi.

Xorijiy mamlakatlar aviatsiya ma’muriyatlari va xorijiy aviatashuvchilar DXX ChQga xalqaro tashuvchilar tomonidan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumot majburiy ravishda taqdim etilishi tizimi amalga kiritilishi to‘g‘risida xabardor qilinadi.

O‘z navbatida, mazkur tartibning joriy etilishi xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlari, bo‘lishlari va respublika hududidan chiqib ketishlarida qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, IKAO standartlari texnik talab bo‘lib, uning yagona tartibda qo‘llanilishi xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasining xavfsizligini yoki muntazamligini ta’minlash uchun zarurdir. IKAO tavsiya etiladigan amaliyoti ham texnik talab bo‘lib, uning yagona tartibda qo‘llanilishi xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasining xavfsizligini, muntazamligini yoki samaradorligini ta’minlash uchun maqsadga muvofiq hisoblanadi.