Xalqaro darajadagi majmua, zamonaviy bozor Samarqand tadbirkorlarining yangi XABiga aylanadi
Jomboy tumani Dehqonobod qishlog‘i, M-39 magistral yo‘l bo‘yida barpo etilgan “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazma majmuasi hamda “Qishloq xo‘jalik texnikalari va texnologiyalari – AGROPRO 2022” ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan majmuada 4500 kvadrat metr yopiq va 5000 kvadrat metr ochiq pavilon, 50 kishilik konferens zal, 3 ta muzokaralar xonasi, 3 yulduzli mehmonxona, xostel, kafe va restoranlar mavjud.
Majmua ochilishida ishtirok etgan “Agrolizing” kompaniyasi raisi Nodir Otajonov bu maskan innovatsion yechimlar, xalqaro standartlarning yuqori talablariga javob beradigan, xorijdagi yuqori reytingli ko‘rgazmalar bilan raqobatlashadigan darajadagi imkoniyatlarga ega ekanligini e’tirof etdi. Turkiya va Qozog‘iston respublikalarining Samarqanddagi konsulxonasi rahbarlari majmuada ishlab chiqaruvchi va xaridor o‘rtasida V2V formatida uchrashuvlar o‘tkazish uchun yaratilgan qulayliklarni yuqori baholadi.
- Ko‘rgazmada 100 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar, 80 ga yaqin qishloq xo‘jalik texnikalari, Turkiya, Xitoy kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda, - deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. - Ilg‘or texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, suv, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi urug‘lar, o‘g‘itlar va agrar tarmoqdagi boshqa yangiliklar borasida 3 kun mobaynida har soatda turli taqdimotlar o‘tkaziladi. 2022 yil yakuniga qadar 50 ga yaqin ko‘rgazma tashkil etish, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni keng jalb qilib, majmuani Markaziy Osiyo ko‘rgazmalar markaziga aylantirish rejalashtirilgan.
Ko‘rgazmada qishloq xo‘jalik texnikalari, agregatlar va qo‘shimcha qismlar, intensiv sug‘orish tizimlari, issiqxona qurilmalari, chorvachilik, quyonchilik, asalarichilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, eksport, mineral o‘g‘it, vitaminlar, meva va manzarali daraxt, uzum ko‘chatlari, veterinariya preparatlari, urug‘chilik namunalari, qishloq xo‘jalik texnikalari namoyish etilmoqda. Shuningdek, eksportyorlar, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan o‘quv kurslari, bank va lizing tashkilotlari ham o‘z xizmatlarini taklif etmoqda.
- Ko‘p yildan buyon O‘zbekiston bozorida suv tejovchi texnologiyalarimiz bilan qatnashamiz va 2018 yilda Samarqandda korxonamizni ochdik, - deydi “ACAR-MAC-SAN” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi direktori Vahid Ajar. – Turkiyada qanday zamonaviy texnologiya amaliyotga tatbiq qilinsa, O‘zbekistonda ham joriy etyapmiz. Aslida yomg‘irlatib sug‘orish hosildorlikni oshiradi, tomchilatib sug‘orish esa nisbatan arzonroq. Mamlakatingizda tuproq xossalarini o‘rganib, fermer va klaster korxonalariga dukkakli o‘simliklar uchun yomg‘irlatib, paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tavsiya etyapmiz.
“Qishloq xo‘jalik texnikalari va texnologiyalari – AGROPRO 2022” ko‘rgazmasi 5 martga qadar davom etadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV foto.