Xalqaro hamkorlik nufuzni oshiradi

O‘zbekistonning ko‘plab universitetlari xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etib, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirmoqda. Ayniqsa, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bu borada yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda universitet dunyoning 100 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalariga ega. Masalan, Avstriyaning IMC Krems University of Applied Sciences bilan hamkorlikda xalqaro biznes boshqaruvi bo‘yicha qo‘shma magistratura dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalar ikki diplom olish va xalqaro standartlarga mos bilim egallash imkoniyatiga ega. Shuningdek, London School of Economics (Buyuk Britaniya) bilan iqtisodiyot va moliya yo‘nalishida akademik almashinuv dasturi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, Janubiy Koreyaning Yonsei universiteti bilan iqtisodiy tahlil va menejment sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xitoyning Shanghai universiteti bilan hamkorlik esa talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik mobillik dasturlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Universitet xalqaro ilmiy loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida akademik mobillik va ilmiy tadqiqot loyihalarida qatnashib kelmoqda. 2023 yilda Erasmus+ grant dasturi orqali universitetning 50 dan ortiq talaba va professor-o‘qituvchilari Yevropa universitetlarida tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2022 yilda universitet huzurida Xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar markazi tashkil etilib, xorijiy iqtisodiy institutlar bilan hamkorlikda mintaqaviy iqtisodiy barqarorlik, investitsiyalar va tadbirkorlik sohalarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuningdek, 2023 yilda universitet Jahon banki va BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda barqaror iqtisodiy rivojlanish va iqlim moliyasi bo‘yicha qo‘shma tadqiqot o‘tkazdi.
Xalqaro ta’lim dasturlari ko‘plab afzalliklarga ega bo‘lsa-da, talabalar ushbu jarayonda bir qator muammolarga duch kelishlari mumkin. Birinchidan, akademik tayyorgarlik darajasi va ta’lim tizimlari o‘rtasidagi farq. Yevropa va AQSh universitetlarida ta’lim jarayonlari o‘ziga xos uslublarga ega bo‘lib, talabalardan mustaqil ishlash va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini talab etadi. Bunga moslashish ayrim talabalar uchun qiyin bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, viza olish jarayonining murakkabligi. Masalan, Germaniya uchun ilgari viza 30 kun ichida berilgan bo‘lsa, hozirda bu jarayon 90 kungacha cho‘ziladi. Bu esa talabalar darslarni belgilangan vaqtda boshlashiga to‘sqinlik qiladi.
Uchinchidan, ko‘pgina davlatlar talabalar viza olishi uchun bank hisobvarag‘ida muayyan miqdorda mablag‘ bo‘lishini talab qiladi. Ba’zi hollarda bu mablag‘ bir necha oy davomida muzlatib qo‘yiladi. Bu esa xorijga o‘qishga ketayotgan talabalar uchun jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
To‘rtinchidan, til to‘sig‘i va xalqaro sertifikatlarning talab qilinishi. Masalan, O‘zbekistonda beriladigan milliy sertifikat ko‘plab xorijiy davlatlar tomonidan tan olinmaydi. Shu bois, talabalar IELTS yoki TOEFL kabi xalqaro sertifikatlarni olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflashlariga to‘g‘ri keladi.
Beshinchidan, akademik reyting (GPA) talablari. Ko‘plab xalqaro stipendiya dasturlari va universitetlar o‘qishga qabul qilish uchun yuqori GPA talab qiladi. Bu esa ayrim talabalar uchun qo‘shimcha bosim tug‘diradi.
Oltinchidan, madaniy moslashuv va psixologik muammolar. Yangi madaniyat, turmush tarzi va ta’lim uslublariga moslashish ba’zi talabalar uchun qiyin kechadi. Uzoq vaqt davomida oiladan yiroqda yashash ham psixologik stress keltirib chiqarishi mumkin.
Universitetning xalqaro hamkorlik doirasidagi loyihalarini yanada kengaytirish, global akademik tarmoqqa chuqurroq integratsiya qilish va talabalar uchun yangi xalqaro imkoniyatlarni yaratish O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xalqaro ta’lim hamkorligi orqali mamlakatning global iqtisodiy maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Dildora NUTFIYeVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi.