Xalqaro sertifikatlar: Nima uchun kerak?

Bugungi kunda O‘zbekiston jadal islohotlar yo‘liga kirgan, ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga intilayotgan davlat sifatida xorijiy tajriba va bilimlarga keng e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, yoshlar salohiyatini oshirish, ularni xalqaro mehnat bozoriga tayyorlashda xalqaro darajadagi sertifikatlar muhim vosita bo‘lib bormoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ko‘pchilikda xalqaro sertifikatlar o‘zi nima degan savol tug‘ilishi aniq. Xalqaro sertifikatlar insonning ma’lum bir sohada bilim va ko‘nikmalari xalqaro standartlarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlardir. Ular dunyo bo‘yicha tan olingan tashkilotlar tomonidan beriladi. Misol uchun, IELTS va TOEFL — ingliz tilini bilish darajasini, Cisco, Microsoft, CompTIA esa IT sohasidagi malakani tasdiqlovchi eng mashhur sertifikatlardir.
Bugungi kunda ushbu serifikatlarning ommalashuvi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda, ayniqsa, yoshlar orasida juda keng tarzda yoyilmoqda. Va ushbu sertifikatlar orqali yoshlar kelajakdagi o‘zlarining tanlagan sohalari yuzasidan aniq bir marralarga erishishda orzu va istaklarining ro‘yobini ko‘rmoqda.
Hozirda yurtimizda har bir ta’limiy sohalarda sertifikatlarning ahamiyati oshib bormoqda. Ko‘plab yoshlarimiz til bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritmoqdalar. Bu esa yoshlarning kelajakka dadil qadam tashlayotganliklaridan dalolatdir. Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro sertifikatlar kelajakka kiritilgan sarmoyadir. O‘zbekiston yoshlarining ushbu yo‘nalishda faolligi va davlat siyosatining bu sohani qo‘llab-quvvatlashi natijasida yaqin yillarda xalqaro darajadagi mutaxassislar soni ortadi. Bu esa nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shilayotgan real hissa bo‘lib xizmat qiladi.
Ruxshona MUHIDDINOVA,
Samarqand davlat chet tillar
instituti o‘qituvchisi.