Xalqimiz tarixi yilnomasi: “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bir asrdan ziyod vaqtdan buyon chop etib kelinyapti
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Zarafshon” gazetasining 110, “Samarkandskiy vestnik” gazetasining 105 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda taniqli jurnalistlar, shoir, yozuvchi va ziyolilar qatnashdi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Zebuniso Rahmonova viloyat hokimining tabrigini o‘qib eshittirdi.
Bu ziyolilar bayrami, - dedi Z.Rahmonova. - O‘zim ushbu gazetalarni o‘qib katta bo‘lganman. Yuz yildan ziyod tarixga ega “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari xalqimizga ziyo ulashib kelmoqda.
Gazeta har bir davrning zalvorli chig‘iriqlaridan o‘tdi. Bu dargohda ne-ne allomalar qalam tebratmadi, deysiz. Bir asrlik muddat tarix uchun qisqa vaqtdir, ammo shu davrda “Zarafshon” gazetasi xalqimizga ma’rifat va ma’naviyat ulashib kelmoqda.
- Tahririyatimiz qoshida “Zarafshon kutubxonasi” rukni ostida “Jurnalistligingni tashlama, bolam”, “Tarbiya taqani to‘g‘rilaydi”, “Yangicha yashash nima?” kabi kitoblar nashr ettirdik, - dedi “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati muharriri Farmon Toshev. – Ushbu kitoblarning aksariyati jurnalistlarimiz qalamiga mansub. Bu kitoblar oliygohlardagi jurnalistika fakulteti talabalariga o‘quv qo‘llanma bo‘lib ham xizmat qiladi. Shuningdek, gazetalarimizning 110 va 105 yilligiga bag‘ishlangan "Anqaboy Xudoybaxtov kim edi?", "Zarafshon" muharrirlari", “Samarqand akademiklari”, "Zarafshon" - qadrdon dargohim" kabi kitoblar chop ettirdik. Bu ishlarimiz avlodlarimiz uchun tarix bo‘lib qoladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar gazeta tarixi bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldi.
- “Zarafshon” gazetasini ilk bor bobomiz o‘z uyida “Samarqand” nomi bilan chop etgan, - dedi Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi Shohrux Behbudiy. – Boshida o‘zlari ham muxbir, ham musahhih, ham muharrir bo‘lganlar. U vaqtda gazeta chop etish uchun hozirgiday zamonaviy dastgohlar bo‘lmagan. Bobom qo‘ygan tamal toshi mana, bir asrki davomiyligini saqlab kelyapti. Biz, farzandlar bobomizning xayrli ishlari bilan faxrlanamiz.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov tadbirda so‘zga chiqib, Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan bog‘liq yangilikni aytdi.
- Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy-muzeyi 2024 yilda kengaytiriladi. Shuningdek, ayni paytda 1919 yilda M.Behbudiy qatl etilgan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida uning qabrini topish ishlari boshlangan.
Tadbirda “Zarafshon” gazetasi muxbiri Dilmurod To‘xtayev, reklama bo‘limi boshlig‘i Davron To‘raboyev, bosh muharrir o‘rinbosari Anastasiya Pavlenko, matn teruvchi Elvira Rajabovalar viloyat hokimining tashakkurnomasi va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, gazetaning sobiq muharrirlari Habib Temurov, Muzaffar Muqimov, jamoatchi muxbirlardan Mamayunus Pardayev, Xudoyberdi Komilov, Ilash Abdiyev, Taras Karimov, Aleksadr Gallak, Anatoliy Ionesov kabi jurnalistlar hamda tahririyat bilan yaqinlan hamkorlik qilayotgan tashkilot va korxonalarga “Zarafshon” gazetasining tashakkurnomalari topshirildi.
Tadbirda “Zarafshon kutubxonasi” turkumi ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Xurshida ERNAZAROVA.