Xanchjou-2022 Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari qoldirildi

Bu haqda poytaxtimizda o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashining 70-yig‘ilishida e’lon qilindi, deb yozmoqda "Xalq so‘zi".

Bugun 6 may kuni poytaxtimizdagi Forumlar saroyida Osiyo Olimpiya kengashi ijroiya qo‘mitasining 70-yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yillik shodiyonasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Uning ochilish marosimida Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randxir Singx, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakili Olive Luis Niamkey, OOK bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn al Musallam, OOK vitse-prezidenti shahzoda Abdulaziz bin Turki al Faysal, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi rahbari Xaydar Farmon kabi martabali mehmonlar qator davlatlarning milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari ishtirok etmoqda.

OOK ijroiya qo‘mitasi dasturidan bir qator masalalar o‘rin olgan bo‘lib, unda asosan 129 kundan so‘ng boshlanadigan Xanchjou – 2022 yozgi Osiyo o‘yinlari, joriy yilning 20-28 dekabrida yoshlar o‘rtasida bo‘ladigan «Shantou – 2021» III Osiyo o‘yinlari hamda yoshlar o‘rtasida «Toshkent – 2025» IV Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik, mavjud va ko‘zda tutilgan sport turlari dasturi kabi qator mavzular muhokama qilinmoqda.

Anjuman davomida dasturga binoan Xanchjou-2022 tashkiliy qo‘mitasi hisoboti tinglandi.
Xitoy olimpiya qo‘mitasi vakillarining onlayn hisobotida mamlakatdagi Covid-19 bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat tufayli to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi bir yilga kechiktirilishi e’lon qilindi.
Anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda.