Xarajatimiz kutgan daromadimizni keltiryaptimi yoxud xorijlik mehmonlarni nima sababdan tekinga, o‘z hisobimizdan chaqiramiz?!
Bizda xalqaro forum, konferensiya, ko‘rgazma, festivallar juda ko‘p o‘tkaziladi. Maqsad tushunarli: mamlakatni tanitish, imkoniyatlarimizni ko‘rsatish, investorlarni jalb qilish, ishbilarmonlarimizga xorijiy hamkor topib berish, turistlarni jalb qilish va hokazo.
Lekin bir tarafi doim o‘ylantiradiki, shunga sarflanganlari o‘zini oqlayaptimi? Nima uchun bu savolni beryapman, sababi, xalqaro tadbirlarimizning deyarli barchasida xorijiy mehmonning kelib-ketishiyu mehmonxonasi, yeb-ichishi, yurtiga qaytar chog‘i sovg‘a-salomigacha deyarli o‘zimiz olib beramiz. Har kuni kechki banketlar, qabul marosimlarini aytmaysizmi. Samarqand, Buxoro, Xivani ko‘ngli tusab qolsa, olib borishlar-chi... aytsang bu ro‘yxat uzoq davom etadi.
Xorijliklar shuning uchun ham tadbir desak darrov kelgisi keladi nazarimda. Hech kim ularga O‘zbekistondagichalik izzat-ikrom ko‘rsatmaydi, ko‘rsatolmaydiyam. Bu borada gap bo‘lishi mumkin emas. Lekin bu ozmuncha mablag‘ bo‘lmaydi. Shuning natijasi ham monitoring qilib ko‘rilyaptimi? Deylik, forumda qatnashgan investor aniq qancha sarmoya kiritdi, shartnoma tuzdimi, korxona ochdimi, hamkor topdimi? Buning bir so‘roviyam bo‘lishi kerak emasmi?
Yoki turizmni ayting. Falon million sayyoh keldi, deyishadi. Bu raqamning asosiy qismi shunday xalqaro tadbirlarga tashrif buyurganlar hisobiga ko‘paygan-ku. To‘g‘rimi? Bizning bunday mehmonlardan daromad olishdan ko‘ra, xarajatimiz ko‘proq. Faqat raqam emas, mamlakatga tushum bo‘lgan valyutaga qaraylik. Yoki aksariyat sayyohlar yaqin qo‘shnilarimizdan kelgan qarindosh-urug‘lar sanaladi. Ular mehmonxonaga, yurish-turishiga deyarli mablag‘ sarflamaydi. Faqat odam soni bilan ovunmaylik-da.
Namanganda har yili 30-40 kunlab gullar festivalini o‘tkazish an’anaga aylandi. Har kuni turli tadbir, qabul marosimi, shoular. Oz mablag‘ ketmaydi. To‘g‘ri, juda kerak. Lekin mana shu festival ham mamlakat imijiga, ham sayyohlarni jalb qilib, daromad olishga ishlashi kerak. Biz nima qilyapmiz, aksariyat xorijlikni o‘z yonimizdan chaqiryapmiz. Televideniyeda esa shu yerda ishlab yurgan, boshqa ish bilan kelgan xorijliklarni ko‘rsatib, "Mana, falon davlatlardan atayin shu festivalga mehmonlar kelyapti", deb ko‘rsatyapmiz. Hammasi ham emasdir balki.
Lekin nega biz doim sarflaymiz? Kerakmi, yo‘qmi shu? Qanchalik effekt beryapti? Axir, davlatimiz osonlik bilan daromad topmayapti-ku. Qilmaylik demayapman. Sal hisob-kitobiga qaraylik. Natijalarni tahlil qilib ko‘raylik. Keyin xulosa yasasa arziydi.
Mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda xorijiy mehmonlarga hamrohlik qilish uchun vazirlik va idoralar, tashkilotlar (banklar)ning rahbarlari, o‘rinbosarlari va boshqa vakillarni biriktirish an’anasi bor. Keladigan mehmon darajasiga qarab bizdan daraja belgilanadi.
Bu "tajriba"dan ular ham hayratda qolsa kerak, chunki biznikilar chetga chiqsa, ularga ortiqcha mulozamat ko‘rsatilmaydi. Ular ham taklif qilganda ko‘pincha betini qattiq qilib, yo‘lkira o‘zingizdan yoki yashash xarajatlari o‘zingizdan deb yozadiku. Ba’zan shunday qilarmiz. Har holda bir tarafini ko‘tarsin.
Imij uchun yaxshi, dersiz. Lekin nimaning hisobidan? Masala shunda.
Yana bir misol, AOKA degan tuzilma matbuot kotiblarini tashkilotining mashinasi bilan birga safarbar qiladi. Matbuot kotiblari "mehmon atoi Xudo" deb mehmoni kelib-ketgunicha atrofida girdikapalak bo‘ladi. Unga ko‘ngli tusaganini muhayyo qilib beradi.
Bugun, afsuski, matbuot kotibi deganda tadbirlarda mehmon bilan o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan, chinakam vazifasidan ko‘ra, tadbirma-tadbir yuradigan avlod shakllandi. Ochiqlik, shaffoflikni ustuvor deb biladigan, rahbarini matbuotga olib chiqadigan mos kadrlar siyraklashib ketdi.
Chet ellik mehmonjon hech bo‘lmasa biror sovg‘a sotib olar, shuyam xarna valyuta tushumi bo‘ladi desangiz, qurg‘ur uniyam oldirgani qo‘ymaymiz-da. Uyat bo‘ladi deb, o‘z yonimizdan olib beramiz.
Samolyoti, mehmonxonasi bir yon, bu yerda yurishi bir yon bo‘ladi. Muhimi, shu yerdan mamnun bo‘lib ketsin. Bo‘ldi, boshqa narsa kerakmas...
Lekin biz 33 yillik mustaqillik yo‘lini bosib qo‘ygan davlatmiz. Dunyoda o‘zimizga yarasha o‘rnimiz, obro‘yimiz bor. Bu darajada kuch, mablag‘ sarflab, o‘zimizni tanitishga hojat yo‘q nazarimda. Mayli, eng nufuzli mehmonlarga sharoit qilib beraylik. Lekin qolganiga me’yor bo‘lishi kerak.