Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Xarjim sal kamroq edi..."

- Ota, buguncha yetar, charchadim, qolganini ertaga kavlarmiz, - Zokir kartoshka kavlayotgan Qodir buvaga shikoyatomuz qaradi.

- Bo‘pti, charchagan bo‘lsang, bor, damingni olaqol!

Qodir buva Zokir yolg‘iz farzand bo‘lgani uchun qo‘lini sovuq suvga urdirmay, voyaga yetkazdi. Xatosini endi sezyapti: Zokir na o‘qidi, na biror kasbning etagidan tutdi. O‘ziga o‘xshagan takasaltang bolalarga qo‘shilib, yalqov bo‘lib o‘sdi. Oila qurib, farzandli bo‘ldi hamki hamon ishga bo‘yni yor bermaydi. Qodir buva unga ishonib, fermerdan o‘ttiz sotix yer olgandi. Ekilgan kartoshka parvarishi o‘ziga qolib ketdi. Zokir ikki ketmon chopsa, yo boshi og‘riydi yoki charchab qoladi. Mana, kartoshkani kovlab olishi ham o‘ziga qoldi. Yoshlikdagi kuchi bo‘lganda bir kunlik ish. Zokir bilan ishlab, ikki kunda o‘n xalta kartoshka kovlabdi. Hali yarmidan ko‘pi turibdi...

- Assalomu alaykum, bobo, hormang! – Paykal boshidan o‘tib borayotgan Zokir tengi yigit ildam kelib, eski qadrdonlarday Qodir buva bilan ko‘rishdi.

- Valaykum assalom, otangizga rahmat, keling! Mehmonga o‘xshaysiz?

- Shunday desak ham bo‘ladi. Shaharda institutda o‘qiyman, Husan buvani yo‘qlab kelayotgan edim, uyi qaysi ko‘chada ekan?

- E, shunaqami? Hu, qishloq chetidagi teraklarni ko‘ryapsizmi? O‘sha ko‘cha oxirida.

- Rahmat, otaxon! 

Yigit bir-ikki qadam yurgach, yodiga bir narsa tushganday ortiga qaytdi.

- Otaxon, kechirasiz, xarjim sal kamroq edi. Husan buvanikiga quruq qo‘l bilan borish noqulay tuyulyapti. To‘rt-besh so‘m berib tura olmaysizmi, evaziga kartoshka kovlab beraman.

- Malol kelmasa, bo‘pti. Xaltasiga besh ming so‘mdan beraman.

- Roziman! 

Yigit yeng shimarib ishga tushdi. Qorong‘i tushguncha ellik xalta kartoshka kovladi. Qodir buva Zokir bilan buni ikki kun kovlardi: “Azamat yigit ekan”, xayolidan o‘tkazdi Qodir buva.

- Barakalla, o‘g‘lim! Mana, sizga uch yuz ming so‘m, ellik ming ziyodi bilan, mehnatingizga rozi bo‘ling. Kechirasiz, so‘raganning aybi yo‘q, Husan buvada biror yumushingiz bormidi?

- Ha, men qashqadaryolikman, Samarqandda institutda o‘qiyman, nasib bo‘lsa, bu yil bitiraman. Bir yil oldin Husan buvaning pedagogika kollejida o‘qiydigan qizi Gulnoza bilan tanishib, sevishib qoldik. Otasi norozi bo‘lishiga qaramay, yoshligimizga bordik shekilli, turmush qurdik. Gulnozani otasi g‘azablanib, uydan quvib yubordi, mana, yaqinda o‘g‘ilchalik bo‘ldik. Talabalik, ijarada yashash, kamxarjlikka qaramay, baxtiyormiz.

Xushxabarni eshitib, zora qaynotam gunohimizni kechirsa, deb kelayotgandim...

- Yaxshi o‘ylabsiz, aqlli yigit ekansiz. Husan buva nevaralik bo‘lganini eshitib, boshi ko‘kka yetadi. Oriyatli odam, jahl ustida qiziga qattiq gapirib yuborgandir, ota-da. Menimcha, endi o‘pka-ginaga o‘rin yo‘q, albatta, kechiradi. Yuring, men o‘zim sizni boshlab boraman.

Qodir buva mehmonni boshlab borar ekan, “Qani edi, mening Zokirim ham shunday yigit bo‘lsa”, deb qo‘ydi ichida havas bilan.

Tog‘aymurod Shomurodov.