Xayriya tadbirida imkoniyati cheklangan bolalarga nogironlik aravachalari topshirildi

Ayni paytda: Samarqand shahridagi "Mo‘’jiza" bazmgohida 50 nafar imkoniyati cheklangan bolaga maxsus nogironlik aravachalari topshirilmoqda.
Viloyat hokimligi va bir guruh homiylar tomonidan tashkil etilgan xayriya tadbirida Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, viloyat bosh imomi Z.Eshonqulov, homiy va boshqalar mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
- O‘g‘lim 13 yoshda, u bolaligidan yurolmaydi, - deydi Jomboy tumanidan Dilshoda Mardiyeva. - Uyda o‘tirib zerikardi. Endi aravachada ko‘chalarni aylantirish imkoni borligidan xursandman. Barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Bir piyola choy ustida viloyatimiz san’atkorlari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.