Xayriya yordamlari faqat Toshkent shahrida yashovchilar uchunmi?

- Xayriya yordamlari faqat Toshkent shahrida yashovchilar uchunmi? 1197-raqamiga telefon qildim, u yerda menga faqat Toshkent shahri uchun, deb aytishdi. Toshkent viloyati, To‘ytepa tumanida yashayman. Nogironman, 2 nafar farzandim bor, turmush o‘rtog‘im ishlamaydi. 700 ming so‘m pensiya bilan qanday yashay?

Ushbu savolga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzurida tashkil etilgan shtabdagi brifingda Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybulla Primov javob berdi.

- Yo‘q, faqat Toshkent shahri uchun emas! Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan yakka tartibdagi xayriya aksiyalari joriy yilning 1 aprelidan e’tiboran vaqtincha to‘xtatilgan.

Endilikda xayriya aksiyalari markazlashgan tartibda “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaz”lari orqali amalga oshirilmoqda.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘limlari hokimliklar bilan birgalikda joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi ma’lumotni hududiy tegishliligi bo‘yicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi.

Markazlar har birining alohida telefon raqamlari ham mavjud. Toshkent viloyati markazining telefon raqami: 99-693-07-77, 93-919-99-09.

Shuningdek, telegram messenjerida "Asl kuch birlikda" kanali ham mavjud.