Xazonni yoqish qanday oqibatlarga olib keladi?
Atmosfera — yer kurrasini o‘rab turgan himoya qatlami. U tirik organizmlarlarni turli ultrabinafsha nurlar va zararlardan saqlaydi. Tirikligimiz, toza havo olishimiz ham shu qatlam tufayli. Atmosfera – yer va boshqa fazoviy jismlarning gazsimon qobig‘i bo‘lib, yer yuzasida asosan azot (78 foiz), kislorod (20,95 foiz), argon (0,93 foiz), suv bug‘i (0,2-2,6 foiz), karbonat angidrid gazidan (0,03 foiz) iborat. Xazonni yoqish — ana shu himoya qatlami uchun eng katta xatarlardan biri.
Afsuski, yoz bo‘yi yashillik berib turgan shox-shabba, qurigan barglarni tozalikka erishish uchun kuz kelishi bilan to‘plab yoqishni boshlaymiz. Natijada barglarda to‘plangan zaharli gazlar yana atmosferaga chiqadi. Ko‘pincha xazon bilan birga plastik idishlar, polietilen paketlar ham qo‘shib yoqiladi va natijada o‘ziga xos “zaharli kokteyl” paydo bo‘ladi.
Qurigan barglar yoqilganda hosil bo‘ladigan tutundan minglab odamlar nafas olib sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi. Birinchi navbatda insonning o‘pka tizimi zararlanadi. Zaharli moddalar qon orqali butun tanaga tarqab, buyrak, jigar, bosh miya va nerv sistemasiga katta zarar yetkazadi. Atmosfera har xil mexanik gazlarning aralashmasidan iborat bo‘lgani uchun bir tonna barg xazoni yoqilganda 30 kilogramm uglevodorod oksidi atmosfera havosini zararlaydi.
Viloyat ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bir tonna qurigan barg yonganda havoga 9 kilogramgacha tutun mikrochastitsalari ajraladi. Bu mikrochastitsalar tarkibida chang, azot oksidi, is gazi, og‘ir metallar hamda inson uchun eng xavfli moddalardan – dioksin va dioksan kiradi. Bu zaharli moddalar inson organizmiga tushgach immun tizimini zararlaydi, gormon va vitaminlar faoliyatini izdan chiqaradi.
Shuningdek qurigan maysa va barglarni yoqish natijasida tuproq qatlamining foylali mikroorganizmlari – yomg‘ir chuvalchanglari, mayda hasharotlar nobud bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, atmosferani muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun, somon, xazon va shox-shabbalar, o‘simlik qoldiqlarini yoqib atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch barobaridan besh barobarigacha, mansabdor shaxslarga, besh barobaridan o‘n barobarigacha jarima solinadi.
Xo‘sh, unda barglardan qanday xalos bo‘lish mumkin?
Kuzda daraxtlardan to‘kiladigan sarg‘aygan barglarni yerga ko‘mib qo‘yilsa, kelgusi bahor uchun foydali o‘g‘itga aylanadi. Yig‘ilgan barglarni qoplarga solib qish davomida kutilsa, ular chirib komposga aylanadi. Tajribali bog‘bonlar kuzda maxsus chuqurlab qazib, to‘kilgan barglarni shu chuqurlarga ko‘mib, ustidan tuproq tortishadi. Bahorda chuqur usti ochilib, tayyor bo‘lgan chirindidan daraxtlarga o‘g‘it sifatida foydalanishadi.