XDP 47 millat vakillari bo‘lgan qariyb yarim million aholini birlashtirgan

Bu haqda Xalq demokratik partiyasi tashkil etilganining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda XDP viloyat Kengashi raisi Bahodir Negmatov aytib o‘tgan.

Ushbu sana munosabati bilan viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari, partiya faxriylari, tuman va shahar kengashi raislari, faollar va targ‘ibotchilar ishtirokida videokonferensiya tashkil etildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyatda 27 ming 850 nafar kishi partiya safiga qabul qilinib, partiyaning saylovoldi dasturi va g‘oyalarini targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. O‘tgan saylovlar jarayonlarida viloyatning 16 ta saylov okrugidan partiyadan 3 nafar nomzod - U.Vafoyev, S.Ostanov, Sh.Bo‘ronov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi. Viloyat kengashi deputaligiga 9 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga 109 nafar partiya nomzodlari deputatlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi.

Deputatlar tomonidan partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar asosida deputatlik guruhida 11 ta, doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida 21, sessiyalarda esa 25 ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishilgan.

Bu borada partiyaning Paxtachi tumani kengashi boshqa hududlarga namuna bo‘lmoqda. Hududda harakat dasturida belgilangan 18 ta, harakat dasturidan tashqari 11 ta masalani xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalari kun tartibiga kiritilgan.

Tuman va shahar Kengashi deputatlari saylovchilarining murojaatlari va hududlardagi o‘rganishlar asosida mutsaddi tashkilotlarga 233 ta deputatlik so‘rovlari yuborgan.

Bundan tashqari, partiyaning “Ayollar bandligi - oila farovonligi”, “Yoshlarga ko‘mak” loyihalari doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, partiyaning Payariq tumani kengashi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 3 nafar yoshga 0,5 gektardan yer maydoni ajratib berilishini tashkil qilgan.

Shuningdek, deputatlar va faol yoshlar tashabbusi bilan joylarda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga saxovat va muruvvat yordamlarini ko‘rsatish maqsadida “Partiya ko‘ngililar guruhlari” va “Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish” loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu borada bir oyda 32 ta xonadonda yo‘qlov tadbirlari o‘tkazilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar partiyaning tarixi kecha, bugun va ertangi kun timsolida yurtimiz ravnaqi va farovonligi uchun kelajak avlodga huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi partiya - bu Xalq demokratik partiyasi ekanligiga to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbir davomida partiyaning “Ehtirom kitobi”ga kiritilgan bir qator faollarga partiya nishoni, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Oyto‘la ABDURAIMOVA,

O‘zXDP viloyat kengashi bosh referenti.