XDP deputatlari tashabbusi bilan 10 nafar mutasaddining hisoboti eshitildi

Partiya viloyat Kengashining to‘qqiz oylik yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tdi.

Unda joylarda asosiy e’tibor partiya elektoratining uzoq muddatli manfaati va hayotiy ehtiyojlariga daxldor bo‘lgan ijtimoiy muammolarni o‘rganish, ularni hal etish ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.

Bu borada joylardagi ijtimoiy vaziyatni tizimli monitoring qilib borish, elektorat manfaatlariga daxldor bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy Kengashlar sessiyalariga va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasiga takliflar berib borish zarurligi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, hisobot davrida partiya tuman va shahar Kengashlari tomonidan sessiyalarga 24 ta masala kiritilgan. Deputatlar 233 ta so‘rov yuborgan va bu bir nafar deputatga o‘rtacha 2.1 tadan to‘g‘ri keladi.

Partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 10 nafar mansabdor shaxslarning hisoboti eshitilgan.

Yig‘ilishda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-tamoyillarini bosqichma-bosqich «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga o‘tkazilishi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, ishsiz va xorijga ishlash uchun keta olmagan, shuningdek, karantin chora-tadbirlari davomida vaqtinchalik ishsiz qolgan fuqarolar bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha “O‘z-o‘zini band qilish” loyihasini amalga oshirish borasida atroflicha fikr yuritildi.

Mahallalardagi kam ta’minlangan, davlat tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari orasida kambag‘allikni kamaytirish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish samardorligini yanada oshirish maqsadida “Mahallada aholi bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirish” loyihasini amalga oshirish vazifalari belgilab olindi.

Shuningdek, hududlarda targ‘ibot guruhlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, joylarda xotin-qizlar va yoshlar muammolarini o‘rganish, elektorat bilan ishlashning zamonaviy uslub va yangi siyosiy texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha fikr almashindi.

Oyto‘la ABDURAIMOVA,

XDP viloyat kengashi bosh referenti.