XDP qurultoyiga Samarqanddan delegatlar saylandi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashining V plenumi o‘tkazildi.
Partiya Markaziy kengashi va viloyat, tuman, shahar kengashlari mas’ul xodimlari, deputatlar va faollar qatnashgan majlisda joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib ishtirok etish, partiyaning XII qurultoyiga delegatlar saylash masalalari ko‘rib chiqildi.
– Markaziy saylov komissiyasi yurtimizdagi boshqa siyosiy partiyalar qatorida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga ham bu yilgi Prezident saylovida ishtirok etishga ruxsat berdi, – dedi XDP Samarqand viloyati kengashi raisi B.Nasriyev. – Saylovda partiyamiz o‘z nomzodi bilan ishtirok etishga qaror qilgan va buning uchun imzo to‘plash jarayonlari yakuniga yetib qoldi. Partiyamizning saylovda faol qatnashishini ta’minlash maqsadida 6 yo‘nalish, 35 banddan iborat asosiy tadbirlar kalendar rejasi ishlab chiqilgan va u bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga partiyaning barcha darajadagi rahbarlari bilan birga, deputatlar, faollar va har bir a’zo mas’ul. Buni his qilgan holda saylovga tayyorgarlik ko‘rishimiz va o‘z g‘oya, maqsadlarimizni saylovchilar o‘rtasida keng targ‘ib etishimiz lozim.
Plenumda deputatlar, partiya faollari so‘zga chiqib, quyi bo‘g‘inlar faoliyatini kuchaytirish, saylovchilar o‘rtasidagi targ‘ibot ishlari ko‘lamini kengaytirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Majlisda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XII qurultoyiga viloyatdan 7 nafar delegat saylandi.