Xitoy iqtisodiy modernizatsiyasiga bir nazar

Xitoy modernizatsiyasi va islohotlari yaqin tarixini o‘rgansak, ko‘plab evolyusion siyosiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lamiz. Buni sinchiklab ilmiy tadqiq qilish har bir mamlakat milliy rivojlanishi uchun katta yordam beradi, sababi bu mamlakatdan o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p.

So‘nggi yuz yilni ko‘zdan kechirsak, dastlab inqilobchi-demokrat Sun Yatsen (1866–1925) XIX asr boshida avtoritar siyosiy tizimni demokratik tizimga o‘zgartirishni xohladi, lekin bunga oraliq bosqichlarda o‘tmoqchi bo‘lganida, islohotlar to‘xtab qoldi.

Xitoy Xalq Respublikasining asoschisi Mao Szedun (1893-1976) tashabbusi bilan 1960-70 yillarda amalga oshirilgan “Katta sakrash” va “Madaniy inqilob” kampaniyalari yurt boshiga kulfatlar yog‘dirdi. “Yo‘qsillar otasi”ning 33 yillik rahbarlik faoliyatidagi (1943–76) muhim xizmati shu bo‘ldiki, og‘ir davrda G‘arb imperiyalarining hamlasiga chap berib, mamlakat yaxlitligini saqlab qola bildi.

“Buyuk dohiy” vafotidan keyin mamlakat tepasiga ishning ko‘zini biladigan arbob Den Syaopin (1904-1997) kelgandan keyin haqiqiy islohotlar davri boshlandi. Qizil shiorlar, balandparvoz chaqiriqlar bilan xalqni to‘ydirib bo‘lmasligini anglagan yetakchi iqtisodiyotni birmuncha erkinlashtirib, jamiyatga kapitalistik bozor munosabatlari elementlarini olib kirdi. Xususiy mulk davlat va jamoat mulkidek daxlsiz deb e’lon qilindi, xorij sarmoyadorlariga bir talay imtiyozlar berildi. Den Syaopin boshlab bergan “ochiq eshiklar” siyosatini uning vorislari munosib davom ettirdi.

Den Syaopin rahbarligi davrida olib borilgan tub islohotlar ijobiy natijalarga olib keldi. Rahbariyatning bosh maqsadi “sotsializmni ag‘darish emas, balki uni takomillashtirish va yangilash bo‘ldi.”  U totalitar tizimni mukammal demokratik tizimga almashtirishni xohlamadi. Ammo jamiyat modernizatsiyasini mohirlik bilan amalga oshira oldi. Syaopin Kommunistik partiya Bosh kotibi, XXR Davlat kengashi raisi o‘rinbosari (1956–1966), KP Harbiy kengashi raisi lavozimlarida uzoq yillar ishlab, katta obro‘-e’tibor qozongan arbob edi. Dastlab 1956 yil sentyabrda, Xitoy KP VIII s’yezdida so‘zlagan tarixiy nutqida u “jamiyatni demokratlashtirish, partiya organlari va hokimiyatning ma’muriy organlari vakolatlarini taqsimlash, “boshqaruvchilar – boshqariluvchilar” tizimini buzish, “dohiylik” kasalidan qutulish tashabbuslari bilan chiqdi. Biroq uning fikrlari inobatga olinmadi va 50 yillarda kutilgan islohot 20 yilga kechikdi – Den Syaopin va xitoy xalqi taqdirida u “achchiq “ yigirma yilga aylandi”. 1966-1969 yillardagi “madaniy inqilob” paytida Den va uning maslakdoshlari qatag‘on qurboniga aylanishdi. Den 1973 yilda oqlandi, 1976 yilda esa barcha hokimiyatni yana qo‘liga qaytarishga erishdi.

Den Syaopin davlat va jamiyat chinakam farovonlikka erishishini istagan Buyuk arbob edi. U islohotni qishloq xo‘jaligidan, barcha “xalq kommuna”lari tizimini bekor qilishdan boshladi. Kapitalizm yo‘lini tanladi va iqtisodiyotga bozor islohotini qo‘lladi – shunda xorijiy investitsiyalar oqimi kirib kela boshladi. 1978 yil 13 dekabrda esa “proletar demokratik prinsiplar”ni joriy etishga astoydil kirishdi. “Tyananmen qushxonasi” nomini olgan 1978 yildagi talabalar noroziliklari paytida Syaopinning aytgan mashhur fikrlari quyidagilar edi: “Xalqimizga o‘z fikrini aytishga ruxsat berishimiz kerak. Agar mavjud tartibotdan norozi odamlar demokratiyadan foydalanib, tartibsizlikni keltirib chiqarmoqchi bo‘lsa, bu unchalik qo‘rqinchli emas. Biz ularga qarshi zarur choralarni qo‘llab, ommaning aksar qismini egri bilan to‘g‘rining farqiga borishga ishontiramiz”.

O‘shanda Syaopin yana bir g‘oyani ilgari surgandi: demokratiyada markazlashtirish, qonun ustuvorligi, qattiq tartib-intizom, partiya rahbarligi tamoyilidan chetga chiqmaslik tamoyillariga amal qilishga hammani chaqirdi. Kimki bu masalada xatoga yo‘l qo‘ysa, demokratiyaning bekorchi safsatalariga, ultrademokratizm tarqalishiga, jamiyatda anarxiyaga, siyosiy barqarorlik buzilishiga va mustahkam birligimizning barbod bo‘lishiga zarar yetkazgan bo‘ladi, dedi u. Bizningcha, iqtisod va siyosat uyg‘unligi haqidagi bunday siyosat mamlakatimiz uchun ham eng maqbul yo‘ldir. Bu esa oldin bozor iqtisodi, keyin oshkoralik deganidir.

Xitoy rahbari 1978 yilgi mamlakat Konstitutsiyasidan “o‘z fikrini keng doirada aytish, munozaralarda dunyoqarashini to‘liq ifodalash”, degan so‘zlarni chiqarib tashlarkan, bunga shunday izoh berdi: “Sotsialistik demokratiyani rivojlantirish uchun bular zarur bo‘lsada, barqarorlikni saqlash va demokratiyani rivojlantirishga yordam bermaydi, balki ko‘p yillik tajriba va ish uslubimizga ishonchsizlikni uyg‘otadi”. 1980 yil avgustdagi “Davlat va partiya tizimida boshqaruvni qayta qurish” nomli nutqida esa siyosiy islohotlarning asosiy tamoyillarini aniq chizib berdi.

Modernizatsiya bosqichlari

Syaopin iqtisodiy siyosatini o‘rgangan olim S.Safoyev mamlakatda o‘sha paytda modernizatsiyaning “uch bosqichli” strategiyasi ishlab chiqilganini ta’kidlaydi: “Birinchi bosqichda YaIMni 1980 yilga nisbatan ikki baravar ko‘paytirish, aholini oziq-ovqat va eng zarur mahsulotlar bilan ta’minlash masalasini hal qilish rejalashtirildi. Ikkinchi bosqichda 2000 yilgacha YaIMni yana ikki baravar oshirish va turmush darajasini “kichik farovonliklar” darajasiga yetkazish mo‘ljallandi. Nihoyat, uchinchi bosqichda XXI asr o‘rtalarigacha modernizatsiyani yakunlash, “kichik farovonlik” jamiyatidan (2020 yil) modernizatsiya qilingan jamiyatga o‘tish ko‘zda tutildi”. Bu maqsadga to‘la erishildi, deyishga asoslar bor. 2023 yilga kelib, Xitoy dunyoda ikkinchi super derjavaga aylanib, yalpi ichki mahsuloti 20 trln. dollardan oshib ketdi. Buning ildizida xitoyliklar siyosatda sotsializm, iqtisodda kapitalizm ta’limotiga to‘liq suyanib ish ko‘rishini ta’kid etishimiz mumkin.

Xitoyning siyosat bobida boshqa davlatlardan farqi shundaki, mamlakatda ta’lim-tarbiya mafkuraga bo‘ysundirilgan. Maktablarda mafkuraga oid darslar soati nihoyatda ko‘p. Har bir xitoylik uchun “mamlakatni sevaman”, “xalqni sevaman”, “mehnatni sevaman”, “ilmni sevaman”, “sotsializmni sevaman” kabi beshta shiorlar har bir sohada ishlaydi. Olimlarning fikricha, mamlakat etnik tarkibining 93 foizi xitoylik bo‘lib, yagona g‘oya atrofida birlashishi va yakdilligi ham milliy rivojlanishga katta turtki bermoqda.

Islohotlar qishloqdan boshlandi

Islohotlar aholining 80 foizi yashaydigan qishloqda oila pudrati tizimini ommaviy joriy etishdan boshlandi. Yangi tizimga binoan, dehqon xo‘jaliklariga jamoa yeri 15 yilga ijaraga berildi, keyinroq bu 30 yilga uzaydi. Mahsuloti bir qismini bozor narxida sotish huquqini qo‘lga kiritgan dehqonlarning daromadlari keskin ko‘paydi. Xitoy g‘allani chetdan sotib oluvchidan eksport qiluvchi davlatga aylandi. Tanlangan yo‘lning to‘g‘riligiga ishongan rahbariyat tajribani shahar iqtisodiy tizimida qo‘llab ko‘rdi. 1984 yili sanoatda bozor iqtisodi tamoyillarini joriy etishga kirishildi. Shu kunga qadar ham markaziy hukumat, ham mahalliy ma’muriyatga qaragan davlat korxonalariga ishlab chiqarishni kengaytirish, bozor konyukturasiga moslashish uchun erkinlik berildi. Mahalliy hokimiyatning nazorati kamaydi, davlat sektori ulushi pasaydi va uning o‘rnini xususiy sektor egalladi.

Syaopinning siyosiy va iqtisodiy tizimni modernizatsiyalash siyosati jamiyat hayotida ijobiy siljishlarga olib keldi. Shuni aytish kerakki, rivojlangan davlatlar Xitoyga demokratik chaqiriqlar bilan bosim o‘tkaza boshlagan edi. Biroq da’vat etuvchi bunday “talab”lar jamiyatda norozilikni kuchaytirib yubordi va 1986 yilda “burjua liberalizmi”ni tanqid qilish bo‘yicha kompaniya avj oldi. Sentyabr oyida XKP MK ning12-chaqiriq oltinchi plenumida Syaopin: “Chet ellik burjuaziya olimlari bizdan erkinlashtirishni kutish baravarida inson huquqlari buzilayotgan emish, deb jar solishmoqda. Ular milliy qadriyatlarimizga G‘arb g‘oyalarini qarshi qo‘yib, jamiyatimizni tubdan o‘zgartirmoqchi bo‘ladilar. Bizlar esa bularga qarab turmaymiz: ob’yektiv vaziyatdan kelib chiqib, muammolarni o‘zimiz yechishda davom etamiz.”

Buyuk Xitoy milliy mentaliteti va qadimiy an’analariga mos bo‘lgan islohotlar yo‘lini tanladi. Tahlilchilarning ma’lum qilishicha, “liberalizm masalasida Syaopin juda ehtiyotkorlik pozitsiyasini tutgan, demokratik islohotlarni esa uning safdosh do‘stlari Xu Yaoban va Chjao Sziyanlar amalga oshirgan”.

Dunyo e’tirofi

Den Syaopinning siyosiy modernizatsiyalash modeli mazmun-mohiyati haqida xorijda va O‘zbekistonda ko‘plab tadqiqotlar e’lon qilindi. Jumladan, arab publitsisti Abdulla bin Abd al-Muhsin al-Faraj “Al Riyadh” gazetasida e’lon qilgan maqolasida “Osiyo yo‘lbarslari” davlatlari yutuqlariga xolis baho beradi. “Bu guruh an’anaviy jamiyatdan zamonaviy jamiyatga tezlikda o‘tish; kelajakka mustahkam zamin tayyorlash; arzon ishchi kuchidan foydalanish, transmilliy korporatsiyalar maqsad-intilishini maksimum foyda olishga sarflash kabi omillar vositasida yuksak iqtisodiy o‘sishga erishdi, – deb yozadi muallif. – Ammo Xitoy, Malayziya, Koreya, Singapur kabi “Osiyo yo‘lbarslari” iqtisodning mustahkam asosini yaratish, kelgusi avlodlarning bu shart-sharoitdan bahramand bo‘lishi uchun ular 40 yil mobaynida kechayu kunduz uxlamay ishlashdi”.

Inqilobiy islohotlardan maqsad: davlatni ham, xalqni ham boy qilish bo‘lgandi. Shu ezgu maqsadga erishildi.

Davlat – bosh islohotchi

Xitoy modernizatsiyasining yana bir xususiyati shuki, iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni xususiy sektor emas, balki davlatning o‘zi boshqaradi. Shu o‘rinda, amerikaliklarning modeli xususida. 1991 yilda SSSR parchalangandan keyin AQSh “Vashington konsensusi” degan modelni olg‘a suradi. Ushbu modelning asosiy talabi: a) iqtisodiyotni haddan ziyod liberallashtirish; b) sanoatni xususiylashtirish; v) bozor erkinligiga davlat aralashuvini cheklash edi.

“Vashington konsensusi” modeli jahonda moliyaviy inqiroz kuchaygan 2008 yilgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanilgan. Xalqaro ekspertlar bunday modelga faqat Xitoy modeli raqobatbardosh bo‘lishini ta’kidlashgan edi. Buning sababi shundaki, “Sharqiy Yevropada moliya, pul tizimi, tashqi savdodagi islohot makrodarajada, Xitoyda narxlar siyosati, korxonalarni isloh etish, nodavlat sektorini rivojlantirish mikrodarajada amalga oshiriladi”. Bunday model kichik biznes va tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilayotgan O‘zbekistonga ham mos keladi.

Rus olimi D.Travin “Yevropa modernizatsiyasi” kitobida Janubi-sharqiy Osiyodagi monarxiya yoki avtoritar tizimlarning “amalda yuksak iqtisodiy o‘sish”ga erishgani fakti oldida G‘arb iqtisodchilari va siyosatchilari hayratda qolishayotgani haqida yozadi. Vaholanki, nazariyotchilar Osiyoning avtoritar tizimi yaratgan bozor iqtisodi mexanizmi yordamida yuqori iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlarga erishib bo‘lmaydi, deb ayyuhannos solishgan edi. Demak, iqtisodiy va siyosiy nazariyalarni qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon keldi.

Ha, g‘arbliklar tanqidiga uchragan Janubi-sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari (Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan, Tailand, Indoneziya, Birlashgan Amir Amirliklari, Quvayt) iqtisodiy modernizatsiyasi dunyo oldida eng kuchli sharqona taraflarini namoyon eta oldi.

“Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” tashabbusi

2017 yil may oyida bo‘lib o‘tgan “Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” iqtisodiy forumi ahamiyat jihatidan 1957 yilda boshlangan Yevropa Ittifoqini tashkil qilish tashabbusi bilan barobar edi. Bunday ulkan masshtabda o‘zaro aloqalar o‘rnatish tashabbusi hali dunyoda bo‘lmagan.

Cputnik nashriga ko‘ra, ushbu forum butun dunyo iqtisodining bir necha yillik taqdirini hal qildi. Aslini olganda, “Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i” hamda “XXI asr Dengiz Ipak yo‘li” global loyihalari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan dastlab 2013 yilda taklif qilingan edi.“Biz bir-birimizning qo‘limizni mahkam tutib zamon chaqiriqlarni kutib olishimiz kerak. Tarixni dovyuraklar yaratadi. Kelinglar, o‘zaro ishonchni mustahkamlaylik, yorqin kelajak sari birgalikda qadam tashlaylik”, degan edi o‘shanda XXR Raisi Si Szinpin.

Buyuk transport koridorlari “Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i” tashabbusi doirasida butun Yevroosiyo qit’asini kesib o‘tgan uchta transport koridori tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Shimoliy: Xitoy – Markaziy Osiyo – Rossiya – Yevropa.

Markaziy: Xitoy – Markaziy Osiyo, G‘arbiy Osiyo – Fors ko‘rfazi va O‘rta yer dengizi.

Janubiy: Xitoy – Janubi-sharqiy Osiyo – Janubiy Osiyo – Hind okeani.

Bundan tashqari, loyiha doirasida ikki yo‘nalishdan iborat “Dengiz Ipak yo‘li” tashkil qilinadi:

Birinchisi – Xitoy qirg‘oqlaridan Janubiy Xitoy dengizi orqali Janubiy Tinch Okeani hududiga chiqish.

Ikkinchisi – Xitoy qirg‘oqlaridan Janubiy Xitoy dengizi va Hind okeani orqali Yevropa bilan bog‘lash tashabbusi.

Xitoy hukumatining ushbu tashabbusi, dunyoda global moliyaviy-iqtisodiy krizis sodir bo‘lgan vaqtda, jahon hamjamiyatini o‘zaro integratsiya qilish va iqtisodiy rivojlanishning yangi uslublarini topish maqsadida taklif qilinganligini bilamiz.

“Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” tashabbusi iqtisodiy resurslar tartibli va erkin harakat qilishini ta’minlash, ularni samaraliroq taqsimlash, bozor integratsiyasini chuqurlashtirish, “belbog‘” bo‘ylab joylashgan mamlakatlar iqtisodiy siyosatini o‘zaro muvofiqlashtirish, hududiy hamkorlikni kengaytirish, chuqurlashtirish va uning hammani qamrab olgan, ochiq shaklini tashkil etishdan iborat.

Buning natijasida barcha hamkorlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham barqaror rivojlanishga imkoniyat paydo bo‘ladi.

O‘zaro hamkorlik

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘nalishlari 1990 yillardayoq belgilab olingan.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkich – 10 mlrd. dollarga yetdi va keyingi ikki yilda 30 foizdan ortiq o‘sdi. Oxirgi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 20 mlrd. dollardan oshdi. Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha besh yillik dastur, iqtisodiyot muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilg‘or loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muhim ko‘rsatkich shuki, 2023 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Xitoy va Rossiyaning ulushi 38 foizga yetdi, qo‘shni mamlakatlarning ulushi esa 17 foizdan 13 foizgacha qisqardi.

Yana bir fakt: "The Wall Street" jurnali ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada 2023 yildagi rekord talab (hajmi 2022 yildagi 1,6 milliardan 11,5 mlrd. dollarga – 7 baravarga oshgani) tufayli Xitoy dunyodagi eng yirik avtomobil eksportchisiga aylandi. Nashrning ta’kidlashicha, Pekin Yaponiyani siqib chiqarishga erishdi. Xitoy yo‘lovchi avtomobillari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda eksport hajmi Yaponiyadan deyarli 1 million dona avtomobilga oshgan. O‘zbekistonga 2023 yilning o‘zida kirib kelgan Xitoy yengil mashinalari va elektromobillari soni ham 100 mingdan oshib ketdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi. Pekinda oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida ko‘plab tarixiy hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, Xitoy modernizatsiyasi va iqtisodiy rivojlanishiga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

Birinchidan, modernizatsiyalash (yangilash, isloh qilish) uchun barqaror sharoit yaratilgan;

Ikkinchidan, siyosiy islohotlarni o‘tkazishda milliy qadriyatlar, urf-odatlar va xususiyatlar hisobga olingan;

Uchinchidan, xalqi fenomenal darajada mehnatkash;

To‘rtinchidan, ishchi kuchi nihoyatda arzon;

Beshinchidan, xitoyliklarning sotsializm yo‘lidan “og‘ishi” G‘arbda yaxshi kutib olingan va har jihatdan qo‘llab-quvvatlangan;

Oltinchidan, xorijda ishlayotgan 70 million muhojirlar (Gonkong va Tayvandan tashqari) yiliga taxminan 700 milliard dollarni mamlakatga yubormoqda.

Yuqoridagi muhim omillarni va Xitoyning bozor iqtisodi tajribasini o‘rganish yurtimiz iqtisodi va siyosatchilari uchun ancha foydali bo‘lishi mumkin.

Baxtiyor Omonov, 

O‘zbekiston milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.