Xitoycha “gambit”
Dunyodagi voqealar kundan kunga shunchalik tez o‘zgarib bormoqdaki, kecha aytilgan so‘z bugunga to‘g‘ri kelmay qolyapti. Agar yodingizda bo‘lsa, muqaddam chop etilgan maqolalarimizdan birida Xitoy Xalq Respublikasining xalqaro siyosat bobida betaraflik tutumida qat’iy turganligi haqida to‘xtalgan edik.
Bugun endi yana shu mavzuga qaytishga to‘g‘ri kelyapti. Nega desangiz, rais Si Szinpin shaxsan o‘zi prezident Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, Xitoy tomoni Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi va bu borada Ukraina bilan birdam ekanligini izhor qildi. Yaqinda BMTda Rossiyani bosqinchi mamlakat deb tan olish haqidagi rezolyusiyaga ham Xitoy vakili Ukrainani yoqlab ovoz berdi.
Umuman, keyingi vaqtda ushbu masala bo‘yicha Moskva uchun xalqaro miqyosda katta muammolar paydo bo‘lmoqda. Masalan, Rossiya tomoni Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni ko‘pi bilan bir oy ichida yakunlashni rejalashtirgan edi. Bultur 18 mart kuni Kiyevda, 9 may kuni Moskvada tantanali g‘alaba paradi o‘tkazilishi mo‘ljallangandi. Voqealarning keyingi oqimi bu rejalarning barchasini puchga chiqardi. Aksincha, ukrainaliklar rus armiyasiga qattiq qarshilik ko‘rsatib, hatto ular bosib olgan ko‘pgina shahar va qishloqlarni ozod qilishdi. Biroq bu harbiy harakatlar hali-beri tugamaydiganga o‘xshab boryapti.
“Urush 2023 yildan keyin ham uzoq davom etadi”, deb yozadi “Ruyters” axborot agentligi. Nashrning yozishicha, Rossiyaning Donetsk oblastini egallashi dargumon. Chunki bu taktika Moskvaning harbiy rejalarini barbod qilishi mumkin bo‘lgan kuch va o‘q-dorilarni yo‘qotishga olib keldi. Aynan shu holat uzoq davom etadigan urushni keltirib chiqaradi. Shuningdek, xabarda qayd etilishicha, Rossiya ham, Ukraina ham jangni uzoq muddat davom ettirishi mumkin. Bunda Rossiyaning ichki imkoniyatlari yetarli omil bo‘lsa, Ukraina tomonida butun bir G‘arb dunyosi turganligini e’tibordan soqit qilmaslik kerak.
Haqiqatan ham, mana bir yildirki, qonli janglarning poyoni ko‘rinmayapti. Shu davr ichida kim nimaga erishdi, degan haqli savol paydo bo‘ladi. Rossiya tomoni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishdimi?
Bizning fikrimizcha, mutlaqo teskarisi kelib chiqdi. Aytaylik, Ukrainani qurolsizlantirishga bo‘lgan urinish uning zamonaviy harbiy texnika bilan qayta qurollanishiga sabab bo‘ldi. Rus hukmronligini o‘rnatish esa nafaqat Ukraina, balki dunyo miqyosida kuchli rusofobiyaning shakllanishiga sabab bo‘ldi. NATOni chegaralardan nariroqqa surishga intilish Finlandiya hisobiga yana bir necha yuz kilometrga yaqinlashtirdi. Endi NATO raketalari Rossiya chegarasiga 20 soniyada yetib keladigan bo‘ldi. Xavfli sarhadlar yana 1300 kilometrga uzaydi. Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi ittifoqning 74 yillik tarixida eng tez sodir etilgan jarayon bo‘ldi. Yana buning ustiga Shvetsiya ham Shimoliy Atlantika harbiy tashkilotiga qo‘shilgudek bo‘lsa, bu Rossiya tomoni uchun juda yirik noxushlik bo‘lishi aniq. Buning ma’nosi shuki, Boltiq dengizi NATO uchun ichki bir hududga aylanib qoladi. Oxirgi voqealarning eng yomon oqibati: Rossiya G‘arb tamadduni va iqtisodiyotidan uzilib qoldi. Bir vaqtlar sho‘ro rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan bog‘langan iqtisodiy rishtalar tamomila uzib tashlandi. Natijada Moskva tashqi dunyodan uzilib, yakkalanib qoldi. G‘arb mamlakatlari tomonidan joriy etilayotgan siyosiy-iqtisodiy cheklovlar oxir-oqibat yaxshilikka olib kelmasligi kundan-kunga ayon bo‘lib bormoqda.
Gap Finlandiya haqida ketar ekan, bir vaqtlar G‘arb mamlakatlari Moskvaga Ukrainani “finlandlashtirish”ni taklif qilishgan edi. Buning ma’nosi: Rossiya Ukrainani Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshilik qilmasligi va buning evaziga betaraf mamlakat shaklida Yevropa bilan Rossiya o‘rtasida bufer davlatga aylanishi lozim edi. Ammo bunga Kreml tish-tirnog‘i bilan qarshi turdi, Kiyevning G‘arb tomon qilgan har bir harakatiga qaqshatqich zarbalar berdi. Buning eng yuqori cho‘qqisi Qrim yarim orolining Ukrainadan tortib olinishi bo‘ldi. Endigi oqibat shuki, Finlandiya “ukrainlashib”, betaraf davlat maqomini batamom yo‘qotib, Moskva uchun dushman mamlakatga aylandi. Bundan kim yutdi-yu kim yutqazganligini bilib olish qiyin emas.
“G‘alabaning otasi ko‘p, mag‘lubiyat – g‘irt yetim”, degan ibratomuz naql bor. Shu ma’noda, xitoylik pragmatik siyosatdonlar ham o‘z manfaatlarini taroziga qo‘yib, oxiri oqilona yo‘lni tanlashdi. Yaqinda BMTdagi siyosiy tadbirda Xitoy Rossiyani bosqinchi davlat, deya baholab ovoz berdi. Bu borada unga Braziliya, Hindiston singari yirik davlatlar ham qo‘shildi. Qizig‘i shundaki, Qozog‘iston va Armaniston kabi yaqin ittifoqchilar ham Rossiyani bosqinchi mamlakat sifatida tan olishdi. Bu borada Xitoy tomonini tushunish mumkin. Nega deganda, Pekin minglab, balki millionlab iqtisodiy rishtalar bilan G‘arb dunyosiga bog‘lanib qolgan. Bunda AQSh, ayniqsa, Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlarning buzilishi Xitoy iqtisodiyotini halokat yoqasiga olib kelishi mumkin. Rossiya esa Xitoy iqtisodiy hayotida aytarli muhim ahamiyatga ega emas.
Shaxmat o‘yinida “gambit” deyiladigan holat bo‘ladi. Bunda o‘yin boshlayotgan shaxmatchi g‘alaba umidida bir necha qimmatli figuralarini qurbon qilib yuboradi. Bu xildagi o‘yin usuli Xitoy tarixida bir necha marta kuzatilgan. Aytaylik, “katta sakrash” va “madaniy inqilob” muvaffaqiyatsiz tugaganidan keyin marksistik ta’limotdan amalda voz kechgan xitoylik kommunistlar AQSh boshliq G‘arb dunyosi bilan yaqinlashuv yo‘lini tutgandilar. Bugun ham ular kelgusi muvaffaqiyatlar uchun “abadiy do‘st”lari Putin Rossiyasi siyosatiga teskari harakat boshladilar. Garchand, bunda umumiy o‘zaro strategik hamkorlik barqaror turgandek tuyulsa-da, Pekinning keyingi “gambit” yurishi Moskvani qattiq ranjitdi.
Bugun dunyo afkor ommasini Ukrainadagi bu xunrezlik urushi qachon tugar ekan, degan mushkul savol qattiq o‘ylantirmoqda. Menimcha, bu boradagi undan ham mushkulroq savol: ushbu urushdan keyingi dunyo manzarasi qanday bo‘ladi? Nega desangiz, Xitoyning kuchayib borayotgan ta’sir doirasida kelajak dunyoning qiyofasi o‘ta mavhumligicha qolmoqda. To urushdan keyingi dunyoning shakl-shamoyili aniqlanmagunicha jang tugamasa kerak. Chunki avval ham aytib o‘tganimizdek, bu muhoraba shunchaki mahalliy urush emas, balki ikki dunyo, ikki dunyoqarashlar to‘qnashuvidir. Bu urush shuning uchun ham olamshumulki, unda o‘nlab mohir o‘yinchilar dona surmoqda. Jahonning keyingi asrgacha siyosiy qiyofasi qanday bo‘lishi ana shu janglarning natijasiga bog‘liq.
Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi.