Xitoyda musulmonlar uchun tashkil etilgan 400 ga yaqin lager va qamoqxonalar aniqlandi
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida repressiya qilingan musulmon xalqlari vakillari saqlanadigan 380 dan ortiq inshootlar mavjud. Bu haqda Avstraliya strategik siyosat instituti saytida xabar berildi.
O‘tkazilgan tahlil chog‘ida Shinjonda joylashgan qamoqxonalarning eng to‘liq ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Ular orasida umumiy hisobda deyarli 400 tani tashkil etuvchi 2017 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “qayta tarbiyalash lagerlari”, hibsxona va qamoqxonalar hisobga olindi. Ma’lumotlar bazasini tashkil etish uchun avstraliyaliklar sun’iy yo‘ldosh orqali tasvirga olingan sur’atlarni tahlil qilish va 3D formatidagi rekonstruksiya ishlaridan foydalandi.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, o‘tkazilgan tadqiqot Xitoyda “qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari”, deb nomlanuvchi uyg‘urlar va boshqa musulmonlar uchun tashkil etilgan lagerlar soni kamaymaganini, aksincha, ortib borayotganini ko‘rsatgan.