Xitoyda pandemiya tarixidagi antirekord qayd etildi. Shanxayda “lokdaun” joriy qilingan

Qat’iy karantin cheklovlari tufayli ma’lum muddat “omikron”dan ihotalanishga muvaffaq bo‘lgan Xitoy davlatida, mana, bir oydirki, kasallanish ko‘rsatkichlari kun sayin oshmoqda.

Xususan, kecha mamlakatda pandemiya davridagi antirekord qayd etilib, 27 ming 500 nafardan ziyod bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu bir hafta ichida o‘sish dinamikasi ikki baravar yuqorilaganini anglatadi.

Yakshanba kuni kasallikka chalinganlar orasida isitma, yo‘tal va darmonsizlik kabi belgilar bor-yo‘g‘i 1184 kishida kuzatilgan, xolos. Qolgan 26 ming 411 nafar bemorda xastalik simptomlarsiz kechayotgani ma’lum bo‘lgan.

Shunga qaramay, ayni paytda mamlakatda davolanayotganlar soni 242 ming nafardan oshadi. Bu bir hafta avvalgiga nisbatan 2,2 barobar ko‘p ko‘rsatkichdir.

Eng murakkab epidemiologik vaziyat Shanxayda kuzatilmoqda. 26 million aholiga ega shaharda deyarli ikki haftadan buyon “lokdaun” joriy qilingan. Biroq bu yerda so‘nggi paytlarda kasallanganlarning 80 foizi hali sog‘aygani yo‘q.