Xitoydan O‘zbekistonga navbatdagi insonparvarlik yordami keldi
Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimizga navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Xitoy harbiy aviatsiyasi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan tibbiyot vositalari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutasaddilari tomonidan qabul qilib olindi, deb xabar berdi O‘zA.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida dunyo hamjamiyatida do‘stona aloqalar, xayrixohlik munosabatlari yanada chuqurroq ildiz otmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga taqdim etilgan beg‘araz yordam ham ana shu fikrning yana bir isbotidir.
Xitoy harbiy samolyoti bortida jami 2,5 tonnaga yaqin 13 turdagi tibbiyot vositalari olib kelindi. Ular asosan yuqumli kasalliklardan himoyalovchi tibbiyot niqoblari, ko‘zoynaklar, maxsus kiyimlar, masofadan turib tana haroratini o‘lchovchi termometr, dezinfeksiyalovchi apparat kabi eng zarur buyum va vositalardan tashkil topgan.
Mazkur insonparvarlik yordamini topshirish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi harbiy attashesi, katta polkovnik Syuy Chanchji yildan-yilga rivojlanib borayotgan O‘zbekiston–Xitoy aloqalari birinchi navbatda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarining samarasi ekanini ta’kidladi.
– Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik hozirgi epidemiya davrida ikki xalqning bir-biriga o‘zaro ko‘mak berishga doim tayyorligini ko‘rsatdi, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim. – Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek, do‘sting uzoqda bo‘lsa ham, ko‘ngli yaqin bo‘ladi. Ta’kidlash kerakki, ikki mamlakat o‘rtasida barcha jabhalarda har tomonlama mustahkam, do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Biz birgalikda, albatta, bu virus ustidan g‘alaba qozonamiz.