Xitoylik investorlar bilan hamkorlik: Samarqandda sanoat va ta’lim integratsiyasi yo‘lga qo‘yilmoqda

2025 yil 11 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida Xitoyning yirik sanoat korxonalari — Hebei Lakoo Automation Equipment Co., Ltd. va Xing Tai Lang Tai Agricultural Technology Co., Ltd. vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuv Xitoyda o‘tgan yilning oktyabr oyida universitet delegatsiyasining xizmat safari davomida erishilgan kelishuvlar doirasida tashkil etildi. Delegatsiya safar chog‘ida Hebei viloyatining Chingtai shahrida joylashgan ikki yirik korxonaga — Xing Tai Lang Tai Agricultural Technology MChJ hamda Hebei Lakoo Automation Equipment MChJ kompaniyalariga tashrif buyurgan edi.
Ma’lumki, Xing Tai Lang Tai korxonasi kabinali va kabinasiz kichik o‘lchamdagi traktorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ularning mahsulotlari bugun jahon bozorida yuqori talabga ega. Uchrashuv chog‘ida traktorlarning ishchi qismlarini O‘zbekistonda, xususan SamDAQU huzuridagi Inkubatsiya markazida ishlab chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvga erishilgan. Dastlabki bosqichda traktor qismlarining 25 foizi aynan ushbu markazda ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Hebei Lakoo Automation Equipment MChJ qurilish sanoatiga yo‘naltirilgan, g‘isht va devor materiallarini tayyorlashga mo‘ljallangan zamonaviy mashina va uskunalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Hamkorlik natijasida bu yo‘nalishda ham O‘zbekistonda, xususan Samarqandda, texnologik jarayonlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi.
Universitet delegatsiyasining Xitoyga xizmat safari chog‘ida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan bo‘lib, bugunga kelib bu kelishuvlar asosida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti Inkubatsiya markazi huzurida Universitet va sanoat korxonalari hamkorligi markazi faoliyatini boshladi.
Mazkur markazda traktorlar uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar hamda qurilish sohasida foydalaniladigan xom-ashyo mahsulotlarini tayyorlash uchun zamonaviy dastgohlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu esa nafaqat sanoat ko‘lamining kengayishiga, balki talabalar uchun amaliyot bazasining kuchayishiga xizmat qiladi.
Samarqandda sanoat va oliy ta’lim integratsiyasi amalda – bu tashabbus mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Jo‘ramirza QAYuMOV,
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor.