Xitoyning Ruijie Networks kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi
Keyingi yillarda mamalakatimiz hamda Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida ko‘plab sohada, xususan, ta’limda ham keng hamkorlik aloqalari o‘rnatilib kelinmoqda.
Jumladan, 24 yanvar kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Xitoyning “Ruijie Networks” kompaniyasining O‘rta Osiyo bo‘yicha direktori Jeremy Lin boshchiligidagi vakillar tashrif buyurdi.
O‘tgan yil mazkur kompaniya bilan hamkorlikda universitet Simulyasion markazida talabalar va o‘qituvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida «Bulutli Wi-Fi» zonalar texnologiyasi joriy qilingan bo‘lib, loyiha o‘zini oqlab kelmoqda. Ta’lim jarayonida talaba va professor-o‘qituvchilarga internet tarmog‘idan foydalanishda keng imkoniyat yaratuvchi mazkur loyihani endi universitet yangi o‘quv binosida ham joriy qilish masalasi muhokama qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad, «Bulutli Wi-Fi» zonalar texnologiyasiga qiziqish bildirgan muassasa, korxona va tashkilotlar ushbu texnologiyani qanday ishlashini universitetga kelib o‘rganib ketishlari, shuningdek, Xitoy kompaniyasiga buyurtma berishlari mumkin.
Uchrashuvda rektor Jasur Rizayev Xitoyning ta’lim va tibbiyot sohasida IT texnologiyalarni qo‘llash tajribasini Samarqand davlat tibbiyot universiteti misolida tatbiq etish masalasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Kelishuvga ko‘ra, keyingi safar J.Rizayev Xitoyda bo‘lib, tibbiyotda IT texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari bilan tanishadi. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari davom etadi.
Odilbek AHMEDOV.