Xodimni mehnat ta’tilidan majburan chaqirib olish mumkinmi?
Xodimni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olish tartibi Mehnat Kodeksining 232-moddasida o‘z aksini topgan.
Unga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki ushbu Kodeksning 230 va 231-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda keyingi ish yilida berilishi kerak.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlarni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodimni ta’tildan chaqirib olishdagi o‘ziga xos xususiyatlarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz: masalan, xodimga 21 kalendar kunidan iborat mehnat ta’tili berildi. Tashkilot rahbari bir hafta o‘tgach (7 kalendar kun), uning roziligi bilan ishlab chiqarish zarurati tufayli ta’tildan chaqirib olishni rasmiylashtirdi.
Shunda ta’tilning 14 kalendar kuni qoladi. Keyinchalik u ta’tilining qolgan qismidan to‘liq foydalanishi kerak. Ya’ni, endi xodimni ta’tildan hatto uning roziligi bilan ham chaqirib olish mumkin emas. Sababi, xodim ta’tilning bo‘linmaydigan qismi – 14 kalendar kunidan foydalanyapti.
Chaqirib olish qanday rasmiylashtiriladi?
Xodimning yozma roziligi olinadi. Mehnat kodeksining 232-moddasida bunday rozilik qanday shaklda rasmiylashtirilishi kerakligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, mehnat nizosiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni yozma ravishda olish maqsadga muvofiq. Alohida hujjat (ariza) rasmiylashtirish mumkin, unda xodim ta’tildan chaqirib olishni so‘raydi yoki chaqirib olishga rozilik bildiradi. Agar rozilik dastlab xodimdan og‘zaki qabul qilingan bo‘lsa, u keyinchalik chaqirib olish buyrug‘ida aks ettirilishi mumkin. Xodim "Qarshi emasman" deb yozadi va imzosini qo‘yadi.
Xodimning ushbu roziligi asosida buyruq chiqariladi va xodimga tanishtiriladi. Buyruqda chaqirib olish sababi ko‘rsatilishi shart. Agar tomonlar joriy yilda ta’tilning bir qismini berishga kelishib olgan bo‘lsa, buyruqda undan foydalanish uchun bir oy yoki aniq bir kalendar davrini belgilash mumkin. Agar ta’tildan foydalanishning kelgusi davrini darhol belgilashning iloji bo‘lmasa, buyruqda ta’tilning foydalanilmagan qismi joriy ish yilida xodimning talabi bo‘yicha uning arizasi asosida taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tiladi.
Agar tomonlar ta’tilning bir qismini keyingi ish yiliga ko‘chirishga kelishib olgan bo‘lsa, ushbu shartni buyruqda ko‘rsatishi lozim.
Ta’tillar jadvaliga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi: xodim ta’tildan chaqirib olinganligini ko‘rsatib, chaqirib olish sanasi, chaqirib olish haqidagi buyruqning rekvizitlari va ta’tilning qolgan qismidan foydalanishning boshlanish vaqti ko‘rsatiladi.
Shuningdek, xodimning roziligi bilan uni ta’tilga chiqqan kunning ertasiga chaqirib olishingiz mumkin. Qonunchilikda xodimni chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydigan ta’tilda bo‘lishning eng kam muddati belgilanmagan.
Nargiza Nurnazarova,
Samarqand shahar yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti.