“Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin, bajaramiz”, deyish bilan ish bitmaydi

Inson tanasidagi har bir a’zo uning uchun juda qadrli. Bu yorug‘ olamda hayot bo‘la turib, a’zolaringizdan birortasidan ayrilishdan dahshatliroq ko‘rgilik yo‘q. Ammo qanchalar aziz bo‘lmasin, shu a’zolardan biri o‘z faoliyatini yo‘qotib, organizm zarariga ishlasa, tanaga zarar yetkaza boshlasa, ushbu a’zodan voz kechishdan o‘zga chora yo‘q...
Ishiga mas’uliyat bilan yondashayotgan jonkuyar insonlar davrasida rahbarlar ishonchini suiiste’mol qilayotgan kimsalar har doim, har yerda topiladi. “Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin, bajaramiz”, deya ming bor va’da berib, ontini buzayotgan mas’uliyatsiz xodimlar “Vatandoshlarim ko‘ziga qanday qarayman?”, deb emas, o‘tirgan kursisidan, egallab turgan lavozimidan ayrilib qolishdan qo‘rqib yashaydigan rahbarlar inson hayotiga xavf soluvchi xasta a’zodan ko‘ra, ming marta zararliroq.
Bundaylar xalqning emas, o‘zidan yuqori toifalarning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun yashaydi. Undaylar ko‘nglida Vatanga muhabbat tuyg‘usi yo‘qligi, shubhasiz. Bisotida kibr-havo va yurt haqidagi to‘rtta yodlanma gapidan boshqa narsasi yo‘qligi, ma’naviyati va ilm darajasining qanchalar qashshoqligi ularning haqiqiy basharasini fosh etadi. Ba’zi tadbir yoki anjumanlarda mutasaddi xodimlarning o‘z bilim va tajribalari, amalga oshirgan ishlarini emas, faqat qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqidagi quruq hisobotlarini tinglashga majbur bo‘ladigan holatlar uchramoqda.
“Qilinishi kerak”, “bajaramiz” emas, “bajarildi”, deb ishonch bilan gapiradiganlar oz. Faqat buyurilgan topshiriqni uddalab, xalqdan “soliq” yig‘ish bilan ish bitmaydi. Yangi taklif va g‘oyalar, birdamlik, jonkuyarlik, vijdon zarur bo‘lgan bir paytda shaxsiy manfaatlaridan boshqa narsani o‘ylamaydigan “mutaxassis”dan voz kechish vaqti kelmadimi? “Vaziyat og‘ir, topshiriqlar ko‘p”, deya, bir ish qilmasdan, kechki soat 23:00 gacha xonasi chirog‘ini yondirib qo‘yib, rahbarining uyiga ketishini “intizor” kutadigan kadrlar yo‘q deysizmi. O‘sha xodim xizmat kompyuterida kino ko‘rib o‘tirishi mumkin. Lekin rahbar tin olmay ishlaydi, xalq manfaati yo‘lida jon kuydiradi.
Nima uchun tumanlardagi mavjud muammolarni faqat hokim hal qilishi kerak? Nega yillar mobaynida to‘planib qolgan masalalar viloyatning birinchi rahbari tashrifi yoki qabulidan keyin o‘n-besh kunda yoki joyida hal bo‘lyapti? Butun boshli viloyatdagi barcha tuman va tashkilot rahbarlari amalga oshirolmagan ishlarni bajarish, ularning vazifalarini amalga oshirish bir kishiga og‘irlik qilmaydimi? Aslida viloyat iqtisodiyoti, sharafini yuksaltirish yo‘lida har qanday tashabbuskorga mustahkam qanot bo‘lishimiz kerak emasmi?!
...Insonning kelgusi hayotiga xavf solayotgan a’zodan voz kechishga majbur bo‘lingani kabi xalq ishonchini suiiste’mol qilayotgan laganbardor xodim, odamlar mulkiga ko‘z olaytirayotgan “xizmatchilar”dan ham xalos bo‘lish kerak, nazarimda.
Bu tuproq, bu Vatan necha asrlardan buyon mavjud. Kimlarningdir soxta fidoyiligi yoki qahramonligiga muhtoj ham emas. Uning sha’niga dog‘ tushirmay yashasak bas. Shuning o‘zi katta baxt.
Alisher ALIQULOV.