Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Bitkoin narxi 100 ming dollardan oshdi

🔹 Janubiy Koreya Prezidentiga Yun Sok Yolga nisbatan harbiy holatni joriy qilganligi sababli tergov boshlandi. Tergov davlatga xiyonat ishi bo‘yicha olib borilmoqda.

🔹 Ukraina Rossiya bilan munosabatlarini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda. Kiyev “tinchlikka tayyorligini” e’lon qilmoqchi. "Ammo bu barqaror tinchlik bo‘lishi kerak", deb ta’kidlaydi manba.

🔹 Bitkoin narxi 100 ming dollardan oshib, tarixdagi eng yuqori darajaga yetdi.

🔹 Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 50 milliard dollar mablag‘ ajratishga tayyor — hatto Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin bu jarayonda ishtirok etishdan bosh tortsa ham.

🔹 Armaniston, Hindiston va Eron uch tomonlama savdo yo‘lini yaratish masalasini muhokama qilmoqda.

🔹 Fransiya hukumatiga ishonchsizlik votumi Makronning iste’fosiga olib kelishi mumkin. “Itoatsiz Fransiya” so‘l partiyasi fraksiyasi rahbari Matilde Panot respublika prezidenti Emmanuel Makronning iste’fosini talab qildi. Makron bugun xalqqa murojaat qilishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

🔹 Isroil HAMAS harakatiga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi taklifni taqdim etdi. Ular yangi taklif "avgust oyida muhokama qilingan taklifdan unchalik farq qilmasligini" aytishmoqda. Yangi loyiha hozirda muzokaralar uchun asosiy kanal hisoblangan Misr orqali HAMAS vakillariga yetkazilgan.

🔹 Eron g‘arbida 5,6 va 5 magnitudali ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila oqibatida 15 kishi jabrlangan.

🔹 Polshaning Poznan shahridagi Milliy muzey kolleksiyasida fashistlar Germaniyasi diktatori Adolf Gitlerning shaxsiy Shtandarti (maxsus bayroq) topildi. Ekspertlar fikricha, bu Gitler uchun maxsus yaratilgan yagona omon qolgan shtandart bo‘lishi mumkin.