Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Erdo‘g‘on Turkiya Isroilga “Liviya va Tog‘li Qorabog‘ kabi” kirishi mumkinligini aytdi, Isroil tomoni javob qaytardi

🔹 Turkiya ilgari Liviya va Tog‘li Qorabog‘da bo‘lgani kabi Isroilga ham kirishi mumkin, dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. Shu tariqa Turkiya prezidenti Golan tepaliklariga qilingan hujumdan so‘ng Livan va Isroil o‘rtasidagi keskinlashgan vaziyatga izoh berdi. Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats bunga javoban Erdo‘g‘on Isroilga hujum qilish bilan tahdid qilib, “Saddam Husayn izidan ketayotganini” aytdi.

🔹 Bir qancha xorijiy aviakompaniyalar Isroil harbiy-havo kuchlarining hujumlari xavfi tufayli Livan poytaxtiga parvozlarni to‘xtatdi.

🔹 Nikolas Maduro Venesueladagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Argentina, Peru va Chili Nikolas Maduroning g‘alabasini tan olishdan bosh tortgan. Xalqaro kuzatuvchilar o‘z xulosalarini aytmaguncha, ular Nikolas Maduroning g‘alabasini tan olmasligini aytgan va "protokollarni tekshirishda to‘liq shaffoflikka" chaqirgan.

🔹 Qozog‘iston hukumati bug‘doy importiga qo‘yilgan taqiqni 2024 yil oxirigacha uzaytirishga qaror qildi. Bunday qarorga asosiy sabab – Rossiyaning chegaradosh viloyatlaridan bug‘doyni noqonuniy olib kirish va keyinchalik uni qayta eksport qilish xavfi davom etayotgani deyilgan.

🔹 Gruziyada esa bug‘doy zaxiralari deyarli tugagan, unning faol importi tufayli tegirmonlar yaqin kunlarda ishlamay qoladi.

🔹 Falastin rahbari Mahmud Abbos Turkiya parlamentida nutq so‘zlamoqchi. Falastin rahbari Turkiya parlamenti raisidan parlamentda chiqish qilish uchun rasmiy taklif olgan. Hozirda diplomatik kanallar orqali Abbosning nutqi sanasini aniqlash ustida ish olib borilmoqda.

🔹 Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning qarindoshi Olimpiada o‘yinlariga ketayotganida 11 dona qimmatbaho sumka o‘g‘irlab ketilgan. Ayolning yuki Nitssadan Parijga ketayotgan tezyurar poyezd bortida o‘g‘irlangan.

🔹 Huquq-tartibot idoralari Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin nomiga yozilgan xatni ushlab qolishgan. Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, uning ichida vabo virusli qora kukun bo‘lgan.