Xorij voqealari qisqa xabarlarda: G‘azo sektorida halokatli gumanitar vaziyat. Gretsiyalik kampir 52 dona qadimgi yunon jihozini o‘g‘irladi
🔹 G‘azo sektori shimolida halokatli gumanitar vaziyat yuzaga kelmoqda. Sektorning bu qismiga borishning imkoni yo‘q, demoqda BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari. Xavf tufayli tashkilot yordam yetkazib berishni to‘xtatgan. Yuk mashinalari talon-taroj qilinmoqda, keskinlik va zo‘ravonlik kuchaygan. Anklavda ikki yoshgacha bo‘lgan har olti boladan biri ochlikdan aziyat chekmoqda.
🔹 Kecha kechqurun Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyusiyasiga veto qo‘ydi.
🔹 Isroil kuchlari Damashqqa raketa hujumi uyushtirdi. Suriya poytaxtining janubi-g‘arbidagi turar-joy massivi o‘qqa tutilgan. Ikki kishi halok bo‘lgan.
🔹 Eron neft vaziri Javad Ouji 14 fevral kuni Isroilni mamlakatning magistral gaz quvurini buzishga qaratilgan sabotajda aybladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, “Isroil fitnasi natijasida gaz quvurining bir nechta shoxlarigina zarar ko‘rgan” va “sabotaj maqsadiga erishilmagan”.
🔹 Donald Tramp AQShning eng yomon prezidenti deb topildi. Amerikalik siyosatshunoslar davlat rahbarlarining yangi reytingini tuzib chiqdi va Tramp so‘nggi 45-o‘rinda, deb yozadi The Guardian. Amaldagi prezident Jo Bayden 14-o‘rinni egallagan.
🔹 Turkiyaning beshinchi avlod qiruvchisi "Kaan" ilk parvozini amalga oshirdi. Uning birinchi parvozi dastlab o‘tgan yilning dekabr oyi oxiriga rejalashtirilgan edi, biroq sinov o‘tkazish zarurati tufayli qoldirildi. Ozarbayjon ham ushbu loyihani ishlab chiqishda ishtirokchi hisoblanadi.
🔹 Ukraina Qurolli kuchlari yaqinda Rossiyaning yana bir Su-34 samolyoti urib tushirilgani haqida xabar berdi. Ekipaj omon qolmagan.
🔹 Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson amerikalik jurnalist Taker Karlsondan Ukrainadagi mojaro bo‘yicha o‘z pozitsiyasini tushuntirgani uchun 1 million dollar talab qildi. Bu haqda Karlsonning o‘zi internet tarmog‘ida ma’lum qiladi. Uning tushuntirishicha, faqat shunday shart asosida Jonson u bilan Ukraina haqida gaplashish va o‘z pozitsiyasini tushuntirishga rozi bo‘ladi.
🔹 Britaniya harbiy-dengiz kuchlari Trident yadroviy raketasini sinovdan o‘tkaza olmadi: snaryad kursdan chiqib ketgan va yaqinda ta’mirlangan yadro suv osti kemasi yaqinida qulagan.
🔹 Gretsiyada politsiya 70 yoshli pensionerni qadimiy yunon idishlari o‘g‘irlaganlikda gumon qilib qo‘lga olgan. Ayol Saloniki shahrida uyi va ish joyida madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ashyolar topilganidan so‘ng qo‘lga olingan. 52 dona sopol idishlardan 10 tasi qadimgi yunon davri, miloddan avvalgi IV asrga oiddir.