Xorij voqealari qisqa xabarlarda: NATO sammitida ko‘riladigan eng asosiy masala ma’lum qilindi. Fransiya parlamenti muallaq qoldi

🔹 Ukraina dronlari Rossiyadagi o‘q-dorilar omboriga zarba berdi. Rossiyaning Voronej viloyati Podgorenskiy tumanida Ukraina dronlari hujumidan keyin favqulodda holat joriy etildi.
🔹 Fransiya Milliy assambleyasiga bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda “Yangi xalq fronti” so‘l alyansi g‘alaba qozonib, 182 mandatni qo‘lga kiritdi. Bu Fransiyada muallaq parlament va hukumat tuzish muzokaralarining cho‘zilishiga olib kelishi mumkin. Saylov natijalari prezident Emmanuel Makronga og‘riqli zarba bo‘ldi deya xabar bermoqda OAV. Parijdagi Respublika maydonida parlament saylovlari fonida ommaviy tartibsizliklar boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, 9 iyun kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Milliy assambleya tarqatib yubordi va muddatidan oldin saylovlar belgiladi. 30 iyunda Fransiyada parlament quyi palatasiga navbatdan tashqari saylovlar o‘tdi. O‘ng qanot “Milliy miting” partiyasi va uning ittifoqdosh kuchlari birinchi turda g‘alaba qozondi. Parlament saylovlaridan keyin birorta ham koalitsiya mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi.

🔹 Vashingtonda NATO sammitiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Alyansga a’zo 32 davlat yetakchilari 9-11 iyul kunlari AQSh poytaxtida yig‘ilishadi. Asosiy masalalardan biri Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlash, xususan, urushayotgan davlatning havo mudofaasini kuchaytirish ekani aytilmoqda.
🔹 Britaniyaning yangi bosh vaziri Key Starmer 40 ming mahbusni ozod qilishni rejalashtirgan. Amnistiya sababi qamoqxonalarning to‘lishi. Amnistiyaga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlik yoki terrorizm bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatchilar ozod qilinadi. May oxirida Belarusda deputatlar ham global amnistiya haqida aytishgan.

🔹 Xitoy rahbari Si Szinpin Pekinda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashdi. Orban 5 iyul kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi mojaroni hal qilish va tinchlik muzokaralarini boshlash yo‘llarini muhokama qilgan, avvalroq Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashgan edi.

🔹 Polsha o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasining uzoq masofali aviatsiyasining faolligi tufayli samolyotlarni havoga ko‘tardi. Polsha havo hujumidan mudofaa kuchlari, shuningdek, Ukraina hududi o‘qqa tutilgani bois keskin holatda bo‘lgan.

🔹 Isroilda 26 yoshli yigit Naegleria fowleri amyobasi keltirib chiqaradigan miya yallig‘lanishi bilan kasalxonada vafot etdi. U 4 iyul kuni Kinneret ko‘lida cho‘milgach, amyobali meningoyensefalit yuqtirgan. Amebik meningoyensefalit - bu miya infeksiyasidir. Amyoba daryolar va ko‘llar kabi chuchuk, iliq suvda burun orqali inson tanasiga kirib, keyinchalik miyaga o‘tishi mumkin. Kasallikning dastlabki belgilariga bosh og‘rig‘i, isitma, ko‘ngil aynishi va qusish va gallyusinatsiya bilan kechadi.

🔹 2023 yilning iyun oyi o‘tgan yillardagi mos oyga nisbatan eng issiq oy deb topildi. 2023 yilda BMT meteorologlari global isishni texnogen iqlim o‘zgarishi va El-Nino boshlanishi, Tinch okeanining ekvatorial suvlari haroratining oshishi bilan bog‘lashgan.