Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Suriya prezidenti eronparast jangarilarning Isroil chegarasiga yurishini to‘xtatdi. Rossiyaning sharqiy qismida Shimoliy Koreyaning 11 mingga yaqin piyoda askari tayyorgarlikdan o‘tmoqda

Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Suriya prezidenti eronparast jangarilarning Isroil chegarasiga yurishini to‘xtatdi. Rossiyaning sharqiy qismida Shimoliy Koreyaning 11 mingga yaqin piyoda askari tayyorgarlikdan o‘tmoqda

🔹 Bugun Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston va Eron tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi uchrashuv Istanbuldagi "Dolmabaxche" prezidentlik idorasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

🔹 Jo Bayden Yevropa yetakchilari bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qilish uchun Berlinga bordi.

🔹 Suriya prezidenti Bashar al-Asad Isroil mudofaa kuchlari Suriya janubiga bostirib kirishi bilan javob qaytarishidan qo‘rqib, eronparast jangarilarning Isroil bilan chegaraga yurishini to‘xtatdi. Asadning bu qarori Isroilning Suriya hududiga ehtimoliy bostirib kirishining oldini olishga qaratilgan majburiy qadam bo‘lib, aks holda amaldagi hukumat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.

🔹 Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyaning sharqiy qismida Shimoliy Koreyaning 11 mingga yaqin piyoda askari tayyorgarlikdan o‘tmoqda, ular Ukrainada Rossiya tomonida jangovar harakatlarda qatnashishi aytilmoqda.

🔹 Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin BRIKS sammitida ishtirok etish uchun 22-24 oktyabr kunlari Rossiyaga tashrif buyuradi.

🔹 "HAMAS siyosiy byurosi rahbari Yahyo Sinvarning o‘ldirilishi Yaqin Sharqdagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi va G‘azo sektoridagi mojaroning hal etilishiga yordam bermaydi", deyiladi CNNda. Ta’kidlanishicha, yuqori darajadagi rahbar yo‘q qilinganiga qaramay, mojaro asosidagi tuzilmaviy va ijtimoiy muammolar hal etilmayapti, bu esa tinch yo‘l bilan hal qilishga urinishlarni qiyinlashtirmoqda.

🔹 Yaponiya shimoli-sharqidagi Toxoku hududida joylashgan Ivate prefekturasi sohillarida 5,2 magnitudali zilzila qayd etildi. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q.

🔹 Olmaotadan 50 nafar noqonuniy muhojir chiqarib yuborildi, ular orasida Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari bor.

🔹 Fransiya Rossiya bilan qurollanish poygasiga tayyorlanmoqda. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noyel Barro ta’kidlashicha, harbiy byudjet qonuni fransuz armiyasiga "o‘z joylashuvi, aralashuvi va mudofaa qobiliyatini qayta tiklashga" imkon beradi.

🔹 Hizbulloh shia tashkilotining qurolli bo‘linmalari Livan janubida Isroil agressiyasiga qarshilik ko‘rsatishda davom etib, dushmanga inson kuchi va texnikasi bilan katta talofatlar yetkazmoqda.

🔹 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yadro qurolining mavjudligi NATO a’zoligiga yagona muqobil ekanligi haqidagi bayonotlari G‘arb davlatlarining mojaroni hal qilish bo‘yicha ularga taqdim etilgan “reja”ni qabul qilishni istamasligi fonida yangragan. Bu haqda Britaniyaning Telegraph gazetasi ma’lum qiladi. Zelenskiy 17 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kiyevning yadro quroli NATOga yagona muqobil ekanligini aytdi. Keyinroq Ukraina hukumati yadroviy qurol zaxiralarini tiklash imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berildi. Shundan so‘ng, Zelenskiy NATO bosh kotibi Mark Rutte bilan qo‘shma matbuot anjumanida Ukraina rasmiylari yadro qurolini yaratish niyatida emasligini ta’kidladi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.