Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Ukraina bo‘yicha muzokaralarni boshlash shartlari aytildi. AQShda OIVga qarshi yuqori samarali dori aniqlandi
🔹 AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning vazirlikka nomzodlaridan bir nechtasiga o‘lim bilan tahdid qilishdi. Bu haqda Tramp saylovoldi tashviqoti matbuot kotibi Kerolin Levit xabar bergan.
🔹 Agar AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 14 iyun kuni TIV rahbariyati bilan uchrashuvda bildirgan taklifi (Ukraina qo‘shinlarining Rossiyaning yangi hududlaridan olib chiqilishi va Kiyevning NATOga qo‘shilishni rad etishi)ga muqobil yo‘qligini tan olsa, Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor. Bu shartni Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov aytgan.
🔹 Yevroparlament a’zolari Yevropa komissiyasiga Ukrainani 2027 yildan keyingi davrni qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli moliyalashtirish rejasini ishlab chiqish taklifi bilan murojaat qilmoqchi.
🔹 Fransiyada yaqinda o‘tgan parlament saylovlari va yangi hukumat tuzilishi tufayli siyosiy inqiroz davom etmoqda. O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Makronning ma’qullash reytingi atigi 18 foizni tashkil etadi.
🔹 Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (ODKB) a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Mudofaa vazirlari kengashi va xavfsizlik kengashlari kotiblarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
🔹 Virusga qarshi «Lenakapavir» preparati har olti oyda bir marta tanaga kiritilganda odamda OIV infeksiyasining 96-99 foiz oldi olinadi. AQShda o‘tkazilgan klinik sinovlardan so‘ng shunday xulosaga kelingan.
🔹 Jo Bayden Isroilga 680 million dollarlik qurol sotilganini tasdiqladi.
🔹 Janubiy Koreya Ukrainaga qurol sotishdan bosh tortdi, chunki mamlakat qonunchiligi ziddiyatlar mavjud mamlakatlarga qurol eksport qilishni taqiqlaydi. Seul Kiyevning Cheongun havo mudofaa tizimi, 155 mm snaryadlar va radar stansiyalarini sotish haqidagi iltimosini rad etdi. Ammo mamlakat hukumati Ukrainaga yordam ko‘rsatish yo‘llari ustida ishlamoqda deyiladi OAVda.
🔹 Gruziya parlamenti hukumatning yangilangan tarkibini bir ovozdan ma’qulladi. Irakliy Kobaxidze Gruziya bosh vaziri etib qayta tayinlandi. Ammo Parlamentning qonuniyligini muxolifat partiyalari va prezident Salome Zurabishvili tan olmaydi.
🔹 Yaponiyada Panasonic korporatsiyasi asoschisi Konosuke Matsushitaning tafakkurini ko‘chiradigan sun’iy intellekt yaratildi. 1989 yilda 94 yoshida vafot etgan Matsushita o‘zining ajoyib tadbirkorlik qobiliyati uchun “boshqaruv ma’budi” deb atalgan. Sun’iy intellekt Matsushitaning audio yozuvlari, xatlari va nutqlari bo‘yicha o‘qitildi. Endi u afsonaviy tadbirkorning fikrlash tarziga to‘liq taqlid qila oladi.
🔹 Isroil hukumati Xalqaro jinoiy sudning bosh vazir Benyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan qarori ustidan shikoyat qilmoqchi.
🔹 Donald Tramp Meta korporatsiyasi rahbari Mark Sukerberg bilan uchrashdi. Sukerberg Donald Tramp boshchiligidagi islohotlar harakati haqida ijobiy fikr bildirdi. Avvalroq Sukerberg Trampni Facebook va Instagram platformalarida bloklagan edi.