Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Ob-havoga ta’sirchanlar ogohlantirildi. Kongoda maymunchechak epidemiyasi kuzatilmoqda
🔹 AQSh Senati protsessual ovoz berishda Ukraina, Isroil va Tayvanga bir necha kun avval Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan 95 milliard dollarlik yordam paketini ma’qulladi. Paket Ukrainaga 60 milliard dollarlik, Isroilga, G‘azo sektoridagi gumanitar yordam uchun 26 milliard, Tayvan va Hind-Tinch okeani mintaqasi xavfsizligi uchun 8 milliard dollar yordamni o‘z ichiga oladi.
🔹 Kongo Respublikasida rasmiylar maymunchechak epidemiyasini e’lon qildi - yaqinda mamlakatda kasallikning 19 holati tasdiqlangan. Hozircha o‘lim qayd etilmagan.
🔹 Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning energetika sektori va tegishli infratuzilmasiga qarshi sanksiyalar qo‘llashda davom etmoqda.
🔹 Rossiya mamlakat aholisini 2050 yilga borib 160,2 million kishiga yetkazish uchun Afrika va Lotin Amerikasi davlatlaridan mehnat va ta’lim migratsiyasi qo‘llamoqchi.
🔹 Afg‘onistonni nazorat qilayotgan Tolibon harakati yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda IShID va boshqa guruhlarga qarshi kurashuvchi maxsus bo‘linma tuzishga buyruq bergan va ishsiz Tolibon jangchilarini ushbu bo‘linmaga safarbar qilishni buyurgan.
🔹 Fransiya politsiyasi vaqtinchalik lagerdan 30 ga yaqin g‘arbiy afrikalik o‘smir va yoshlarni haydab chiqargan. Huquq faollari va uysizlarga yordamchi guruhlar buni "ijtimoiy tozalash" deb atab, holatni Olimpiada o‘yinlari bilan bog‘lamoqda.
🔹 Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»dagi teraktni tashkil etish va amalga oshirishda ishtirok etganlarning hech biri jazodan qutulib qolmasligi kerak, deb hisoblaydi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. “Rossiya maxsus xizmatlari va huquq-tartibot idoralari ushbu jirkanch jinoyatning barcha tafsilotlarini aniqlash va o‘rganish, uning ishtirokchilari, jumladan, mijozlar, homiylar va tashkilotchilarni aniqlashda davom etmoqda”, dedi u.
🔹 Buyuk Britaniyadan Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning Ukraina elchisi lavozimini egallashiga rasmiy rozilik olindi. Valeriy Zalujniy 2024 yil 8 fevralda Ukraina Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgan edi. Ukraina prezidenti Zelenskiy buni "generallarni yangilash" deb tushuntirgan va bir kun o‘tgach, Zalujniyga Ukraina Qahramoni unvonini bergan edi.
🔹 Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy ilovasini ishga tushiruvchi kompaniyadan 1,3 milliard dollar bonus olishni ko‘zlamoqda, bu aksiyalarni ko‘tarilishi inobatga olsak, u egalik qilgan aksiya qismining deyarli yarmiga teng.
🔹 Shoygu yordamchisi pora olgani uchun qamaldi. Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov sud tomonidan hibsga olinib, tergov izolyatoriga jo‘natilgan.
🔹 Ukraina Rossiya bilan tuzilgan yana bir kelishuv - chegara hududlarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan chiqdi. Ushbu hujjat 1995 yil yanvarida Xarkovda imzolangan.
🔹 Rossiyaning Tyumen viloyatining Ishim daryosidagi suv sathi to‘rt soat ichida 34 sm.ga ko‘tarilib, kiritik ko‘tarilishiga 7 santimetr qolgan.
🔹 Bugun tunda Quyoshda megaportlash sodir bo‘ldi. G1 sinfidagi geomagnit bo‘roni 25 va 26 aprel kunlari ta’sir qilishi kutilmoqda.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.