Xorij xabarlari: Netanyahu korrupsiyada ayblanib sudda guvohlik bermoqda
🔹 Suriyada aholini ro‘yxatga olish, yangi Konstitutsiyani tasdiqlash va erkin saylovlar o‘tkaziladi. “Endi yangi Suriyani qurish vaqti keldi, muvaqqat ma’muriyat tuzilgandan so‘ng, yangi konstitutsiyani yaratish jarayoni, aholini ro‘yxatga olish va erkin saylovlar tashkil etiladi”, deyiladi "Hürriyet"da.
🔹 Pokistonda mamlakatning sobiq bosh vaziri Imron Xonning ozod etilishini talab qilgan olomon barrikadalarni buzib o‘tib, poytaxt Islomobodga yig‘ilgandan so‘ng xavfsizlik kuchlari ularni tarqatib yuborish uchun seshanba kuni tunda operatsiya boshladi. Namoyishchilar Xon tarafdorlarini parlamentga yurishga chaqirganidan so‘ng, rasmiylar mamlakatda internetni o‘chirdi va poytaxtga olib boradigan asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.
🔹 Isroil tanklari Suriya bilan chegaradagi bufer zonadan tashqariga chiqib, mamlakat hududiga 20 kilometr kirib borgani aytilmoqda.
🔹 Janubiy Koreya politsiyasi 3 dekabr kuni harbiy holat e’lon qilingani munosabati bilan o‘n nafar vazirni, jumladan, bosh vazir Xan Deok Suni so‘roqqa chaqirgan. Aytilishicha, amaldorlar, jumladan, bosh vazir ham harbiy holat e’lon qilinishidan oldin va keyin hukumatning tor doiradagi yig‘ilishida ishtirok etgan.
🔹 Gruziya hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilish va komendantlik soati joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 29 dekabr kuni Mixail Kavelashvilini Gruziyaning yangi prezidenti etib tayinlashni rejalashtirgan. Shundan keyin partiya favqulodda holat doirasida komendantlik soati joriy etish niyatida.
🔹 Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin “Razvedchik” jurnaliga bergan intervyusida Rossiya amalda Ukrainada maqsadiga erishganini aytdi. Ukraina Qurolli kuchlari to‘liq qulash arafasida, “Vladimir Zelenskiy rejimi” esa qonuniylikni ham, muzokaralar olib borish qobiliyatini ham yo‘qotgan, dedi u. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy devoni sobiq maslahatchisi Aleksey Arestovich esa Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish sulhi 25 yanvarda tuzilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasidan so‘ng darhol mojaroning faol bosqichini to‘xtatishni taklif qilishi mumkin, deydi u.
🔹 Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Tel-Aviv sudiga poraxo‘rlik, firibgarlik va xalq ishonchini buzish holatlari bo‘yicha guvohlik berish uchun bordi. Netanyahu Isroil hukumatining unga qarshi jinoiy ishlar bo‘yicha sudga kelgan birinchi amaldagi rahbari bo‘ldi, deb xabar beradi Kan.
🔹 Rossiya Federatsiyasi Santa Klausni chet el agenti sifatida tan olmoqchi. Bunday taklif bilan Bosh prokuraturaga patologik informator Vitaliy Borodin murojaat qilgan.
🔹 Afrikaning eng qashshoq davlati Rossiya bilan kosmodrom qurmoqchi. Zimbabve orbitaga ilk kosmonavtni jo‘natish rejasini e’lon qildi, dedi mamlakat milliy geofazo va kosmik agentligi bosh direktori Painos Gveme targ‘ibotchilarga. Zimbabve millionlab odamlar ochlikdan aziyat chekayotgan dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri. Vaziyat so‘nggi 40 yildagi eng dahshatli qurg‘oqchilik tufayli yanada og‘irlashdi - ekinlar nobud bo‘ldi, mamlakatda milliy ofat e’lon qilindi.