Xorij xabarlari: Shimoliy Koreya Rossiyaga 5,5 milliard dollarlik qurol yetkazib berdi. Avstraliyada ikki hafta tog‘da qolib ketgan va zaharli ilon chaqqan ayol tirik topildi
🔹 Bungacha Hizbullohning bosh kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Naim Qosim harakatning yangi rahbari bo‘ldi. Ushbu qaror avvalgi rahbar Hasan Nasrullo vafotidan so‘ng qabul qilingan. Eslatib o‘tamiz, Hizbullohni bir necha o‘n yillar davomida boshqargan Hasan Nasrulloh shu yilning sentyabr oyida Isroil havo hujumi chog‘ida halok bo‘lgan edi.
🔹 Janubiy Koreya delegatsiyasi Shimoliy Koreya qo‘shinlarining mojaro zonasida bo‘lishini muhokama qilish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun Ukrainaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Janubiy Koreya prezidenti Yun Sek Yol vaziyat jiddiylashayotgani va buning sababi, Shimoliy Koreya qo‘shinlarining front chizig‘iga joylashtirilishi ekanini aytdi. Yaqinda Pentagon matbuot kotibi Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi jangovar operatsiyalarda Rossiya kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 mingga yaqin askar yuborilganini tasdiqladi.
🔹 AQSh Gruziyadagi saylov natijalaridan noroziligi aniq. Bu haqda AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Metyu Miller brifingda ma’lum qildi. "Biz Gruziyaning hukmron avtoritar rahbarlar maqtagan siyosatni mustahkamlashdan ko‘ra, Yevroatlantika hamjamiyatiga qanday munosabatda bo‘lishni xohlayotgani haqida o‘ylashga chaqiramiz. Gruziya xalqining 80 foizdan ortig‘i mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini istaydi", dedi Miller.
🔹 Checheniston rahbari Qodirov mamlakatdagi Rossiya maxsus kuchlari universitetiga dron yordamida hujum qilingani haqida xabar berdi.
🔹 Tehron shanba kuni Isroilning Eronga uyushtirgan zarbasiga javob berish huquqini da’vo qilmoqda, Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy fikricha, Eron Islom Respublikasi suveren davlat sifatida BMT Nizomiga muvofiq, tegishli vaqtda ushbu bosqinchilik aktiga javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
🔹 Gruziya Markaziy saylov komissiyasi ayrim saylov uchastkalarida parlament saylovlari natijalarini qayta tekshiradi. 26 oktyabr kuni Gruziyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari mamlakat ichida va xalqaro kuzatuvchilar orasida sezilarli rezonansga sabab bo‘ldi. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi saylovchilarning 53,93 foiz ovozini qo‘lga kiritdi. Biroq saylov natijalari parlamentga muxolifat partiyalari va Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili tomonidan shubhaga olindi.
🔹 Shimoliy Koreya Rossiyaga 5,5 milliard dollarlik qurol yetkazib bergani aytilmoqda.
🔹 6 noyabr yaqinlashgani sayin AQSh prezidentlik saylovlariga xorijiy kuchlarning ta’siri tobora dolzarb bo‘lmoqda. Rossiya, Xitoy va Erondan kelayotgan dezinformatsiyalar doimiy ravishda tahdidga aylangan va nazoratni talab qiladi, deydi The New York Times. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya Donald Tramp nomzodini, Eron Kamala Xarrisni qo‘llab-quvvatlamoqda, Xitoy tomoni esa hech kimni afzal ko‘rmagan. Xullas, amerikaliklar dezinformatsion urushning yangi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
🔹 Germaniyada istiqomat qilgan 67 yoshli Germaniya-Eron fuqarosi Jamshid Sharmahd qatl etilganidan so‘ng Germaniya hukumatiga qarshi ayblovlar kela boshladi. Dushanba kuni Germaniya-Eron fuqarosi Jamshid Sharmahd terrorchilikda ayblanib, to‘rt yillik qamoqdan so‘ng Eronda qatl etildi. Uning AQShda yashovchi qizi Gazelle Sharmaxd bir necha bor otasini himoya qilib, Germaniya hukumati oldida chiqish qilgan.
🔹 Isroil harbiy amaliyoti tufayli 440 mingdan ortiq qochqin Livanni tark etgan.
🔹 Google Rossiya telekanallariga ikki undetsillion rubl to‘lashi kerak - Moskva sudi shunday qaror qildi. 17 ta telekanal YouTube akkauntlari bloklangani sababli da’vo arizasi bilan chiqdi. Sud da’volarni qondirdi, endi profillarga kirish tiklanmaguncha jarima har kuni 1000 dollarga oshadi. Undetsillion - bu bittadan keyin 36 ta nolli raqam.
🔹 Avstraliyada Yangi Janubiy Uelsning Qorli tog‘larida yo‘qolgan ayol qidiruv boshlanganidan bir hafta o‘tib tirik holda topildi. 48 yoshli Lovisa Ma’lum bo‘lishicha, fotosuratchi ayolning oyog‘i lat yegan va to‘rt kun oldin uni zaharli misbosh ilon chaqqan. Garchi sudralib yuruvchining chaqishi halokatli bo‘lsa-da, ayol sirli ravishda tibbiy yordamsiz omon qolgan.