Xorijda bepul o‘qish uchun nima qilish kerak?

Bu savolga Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan “Ta’lim va kasb” XXI xalqaro ko‘rgazmasi va tadbirda javob izlandi.

Tadbirning uchrashuv qismida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov talaba va yoshlarga jamg‘armaning faoliyat yo‘nalishi, vazifalari, chet eldagi oliygoh talabasi bo‘lgan yoshlarimizga berilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

— Iqtidorli yoshlarimiz juda ko‘p, faqat ularni aniqlab, o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash muhim, — deydi J.Ahmedov. —  “El-yurt umidi” jamg‘armasining vazifasi ayni shu. Jamg‘armamiz dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan yoshlarimizning o‘qish xarajatlarini to‘lab beradi. Bugun juda ko‘p yoshlar bu qulaylikdan unumli foydalanmoqda. Ularga qo‘yiladigan yagona talab o‘z sohasining malakali mutaxassisi bo‘lib yetishish hamda kelajakda el-yurtiga naf keltirishdir.

Ta’kidlanganidek, jamg‘armaning joriy yildagi 1-stipendiya tanloviga 3 ming nafardan ortiq talaba hujjat topshirib, shundan 114 nafari grantga ega bo‘lgan. Biroq g‘oliblarning bor-yo‘g‘i 4 nafari samarqandlik talabalardir. Bu albatta, yaxshi ko‘rsatkich emas. Tadbirda masalaning ayni jihatlari ham muhokama qilinib, yoshlar faollikka chaqirildi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar “Ta’lim va kasb” XXI xalqaro ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Unda talaba-yoshlar Moskva iqtisodiy-yuridik universiteti, Qozon federal universiteti, Jahon sivilizatsiyasi instituti singari 10 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.