Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun navbatdagi sinov testlari o‘tkaziladi

Samarqand, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi fuqarolar uchun xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun navbatdagi sinov testlari o‘tkaziladigan kunlar ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan «Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat universitetining bosh binosida (Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy) 2020 yil 10-11 iyul kunlari sohalar bo‘yicha sinov testlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«Huquqshunoslik», «Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot», «Iqtisodiyot», «Qishloq xo‘jaligi, muhandislik, ishlov berish va qurilish» hamda «O‘qituvchilar tayyorlash va pedagogik fanlar» sohalari bo‘yicha sinov testlari o‘tkaziladigan sanasi va sinov testida ishtirok etuvchilar ro‘yxati quyidagi jadvalga muvofiq belgilanadi.

👉 Huquqshunoslik

👉 Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot

 👉 Iqtisodiyot

👉 Qishloq xo‘jaligi, muhandislik, ishlov berish va qurilish

👉 Pedagogika fanlari

Ushbu ro‘yxatga Samarqand, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarining epidemiologik jihatdan barqaror hududlarida istiqomat qiluvchi talabgorlar kiritilgan. Boshqa talabgorlar uchun sinovlar qachon va qay tartibda tashkil etilishi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Sinovlar karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkaziladi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ogohlantiradi: xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun belgilangan sinov testlariga o‘z vaqtida kelmagan, sinov testida ishtirok etuvchilar ro‘yxatida mavjud bo‘lmagan talabgorlar hamda tibbiy niqobi bo‘lmaganlarga sinovlarga kirishga ruxsat etilmaydi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.