Xorijdan qaytgan yoshlarning taqdiri bilan kim qiziqyapti?
Keyingi yillarda mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar kasb-hunarga o‘qitilib, ularning bandligini ta’minlash uchun ishlar amalga oshirilyapti, ammo...
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyat yoshlarining 23 mingdan ziyodi xorijga ishlash uchun ketgan. Joriy yilning 1 mart holatiga xorijda mehnat qilayotgan 959 nafar samarqandlik yosh qaytib kelgan. Endi ularni ishsizlik muammosi qiynamayaptimi? Bu yoshlarning taqdiri bilan kim shug‘ullanyapti? Ularning bandligini ta’minlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilyapti?
Shu savollar bilan viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ullariga murojaat qildik.
- Ishlash yoki o‘qish uchun xorijga ketgan va Vatanga qaytgan yigit-qizlarning ro‘yxatini shakllantirish bilan mahallalardagi yoshlar yetakchilari shug‘ullanadi, - deydi boshqarma mas’ul xodimi Ashurali To‘ychiyev. – Ularning taqdiri haqida gapiradigan bo‘lsak, har bir yetakchi mahallasidan xorijga ketgan yosh bilan haftada bir marta onlayn suhbatlashadi. Shuningdek, viloyatda maxsus shtab tashkil qilingan. Xorijdan qaytgan yoshlarning bandligini ta’minlash uchun korxona-tashkilot rahbarlari mas’ul etib biriktirilyapti. Yana ishlash uchun xorijga ketish istagidagi yoshlarni, agentlik mablag‘i hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ularga til o‘rgatish va qonuniy ravishda chet elga ishga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahri yoshlar ishlari bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, xorijiy davlatlarga ketgan shaharlik yoshlar 933 nafarni tashkil etadi. Ularning 33 nafari ta’lim olish va 900 nafari ishlash maqsadida ketgan. 2024 yil davomida 254 nafar yosh xorijdan qaytgan va ularning bandligi ta’minlangan.
- Xatlov natijasiga ko‘ra 2024 yilda mahallamiz yoshlarining 19 nafari xorijga ishlash uchun ketganligi aniqlangandi, - deydi Zomin mahallasi yoshlar yetakchisi Umidjon Toyirov. – Ularning 13 nafarini yurtimizga qaytarishga va bandligini ta’minlashga erishdik. Xorijdan qaytgan yoshlarning 2 nafari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdi, qolganlari tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi, doimiy ishga joylashtirilishi natijasini bandligi ta’minlandi.
- 2023 yilda ishlash uchun xorijga ketgandim, - deydi Akmal Kamolov. – Yaxshi ish topolmay qiynaldim. Yoshlar yetakchisi taklifi bilan o‘tgan yili qaytib keldim. Uning tavsiyasi asosida shaharda joylashgan “Monomarkaz”da sartaroshlik bo‘yicha 3 oylik kursda o‘qidim. Hozir shu hunar bilan shug‘ullanib, oyiga o‘rtacha 4-5 million so‘m topyapman.
Ayni paytda shahardagi Ochildimurod Miriy nomli mahalla yoshlarining 31 nafari xorijda.
- Ularning 3 nafari ta’lim olish maqsadida ketgan, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Bobur Haydarov. – Qolgan 28 nafari ishlash uchun yoki turmush o‘rtog‘i bilan birga ketgan yoshlardir. Deyarli har yili 30 nafarga yaqin yoki ko‘proq yoshlar xorijda bo‘ladi. Ular orasida mavsumiy ishlash uchun ketadiganlari ham bor. Ular asosan bahor, yoz va kuz mavsumlarida xorijiy davlatlarga borib ishlab qaytadi.
Yoshlar yetakchisining ta’kidlashicha, xorijga ketgan yigit-qizlarning 2 nafarigina qaytgan. Uning bir nafari o‘zini o‘zi band qilgan. Nega kam, degan savolga u shunday javob berdi:
- Biz bu yerda ularga 3,5-4 million so‘m oylik olishi mumkin bo‘lgan ishlarni taklif qila olamiz. Ularning orasida 500 dollardan 1000 dollargacha maosh oladiganlari bor, ularni biz taklif qilgan ishlarning oyligi qoniqtirmagani uchun qaytishni istamayapti.
Bir shaharning ikki mahallasidagi xorijga ketgan va qaytgan yoshlar taqdiri haqida misollar keltirdik. Zomin mahallasi yoshlar yetakchisi Umidjon Toyirov 2024 yilda “Eng faol yoshlar yetakchisi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida “Mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar bilan ishlagan eng faol yoshlar yetakchisi” yo‘nalishida 2-o‘rinni egallagan. Xorijdan qaytgan yoshlar bilan ishlash masalasida Ochildimurod Miriy nomli mahalladagi natijalar, afsuski, qoniqarsiz.
Ishlash uchun xorijga ketib, qaytib kelib ham o‘zlariga mos ish topolmay qiynalayotgan yoshlar talay. Ularga o‘z yurtida mehnat qilishiga yoki xorijga ketgan taqdirda ham qonuniy yo‘l bilan ketishi uchun yaqindan yordam ko‘rsatadigan mas’ullar mas’uliyatini oshirsa, bu boradagi muammolarga yechim topilarmidi?
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.