Xorijga chiqariladigan mahsulot sifatli bo‘lishi zarur

Ba’zida falon davlatga yuborilgan qishloq xo‘jalik mahsuloti sifatsizligi uchun yurtimizga qaytarilibdi, oziq-ovqat tarkibida zararli moddalar borligi uchun qabul qilinmabdi, degan gap-so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Shunday paytda mahsulot eksportga chiqarilishidan oldin tekshirib ko‘rilmaganmikan, sifati kafolatlamaganmikan, deb o‘ylanasiz. 

Samarqand viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda viloyatimizdan 277 million AQSh dollari qiymatidagi 223 ming tonna  meva-sabzavot mahsulotlari dunyoning 57 davlatiga eksport qilinib, avvalgi yilgi nisabatan 104 million dollarlik ko‘p mahsulot sotilgan.

Joriy yilda ham bu borada barqaror o‘sish suratlari ta’minlanib, yanvar-fevral oylarida 89,6 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari xorijga yo‘naltirildi. Ushbu eksport operatsiyalarini o‘z vaqtida va belgilangan tartiblarga rioya etgan holda amalga oshirishda viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijga chiqarilayotgan mahsulotlar boshqarma va uning hududiy bo‘limlari fitosanitar nazorati inspektorlari tomonidan nazorat tartibida ko‘rikdan o‘tkazilib, organik tozaligi, eksportbopligiga e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari va joriy yilgi asosiy rejalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham qishloq xo‘jalik mahsulotlari tayyorlashda ichki iste’mol bozori bilan cheklanmasdan, eksportni yanada ko‘paytirish vazifasi belgilab berildi. Jumladan, bu yil 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini xorijga yo‘naltirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi. Binobarin, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash uchun xarid  qilingan uskunalarga 1 milliard so‘mgacha subsidiya ajratilishi tadbirkorlar uchun imtiyoz, yaratilayotgan qulaylik hisoblanadi.

Samarqand tumanida o‘tgan yilning yanvar-fevral oylarida 8,6 million AQSh dollari qiymatidagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilingan. Ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar va eksportchilarning qo‘llab-quvvatlanishi natijasida joriy yilning dastlabki ikki oyida bu ko‘rsatkich 9,8 million AQSh dollariga to‘g‘ri kelmoqda. Misol uchun, “Samrid-treyd” O‘zbekiston-Latviya qo‘shma korxonasida mayiz, o‘rik, olxo‘ri, yong‘oq va boshqa mahulotlar Turkiya texnologiyasi asosida  quritilib, qadoqlangan holda asosan Yevropa davlatlari, shuningdek, Xitoy va Mo‘g‘ulistonga eksport qilinmoqda. Bu yerda kuniga 20-25 tonna mahsulot qayta ishlanib, qadoqlanadi. Tumandagi “Nurshodbek-eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham karam, yer yong‘oq, loviya singari mahsulotlar quritilib, Rossiyaga yetkazib berilmoqda.

Oqdaryo tumanida ham joriy yilning ikki oyida xorijga sotilgan 3,9 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlarining 1 million dollari  “Usmon-Afrobil” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxona hissasiga to‘g‘ri keldi. Asosan dukkali mahsulotlarni eksportga chiqaradigan korxona mart-aprel oylarida yana 3,5 million dollarlik tovar yetkazish berish bo‘yicha shartnoma tuzgan.