Xorijga ishga borish uchun birinchi talab – chet tilini bilish

Shu yil 17 oktyabrda davlatimiz rahbari tomonidan “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon hamda “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Mazkur hujjatlar asosida xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlari samaradorligini oshirish, sohada yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish hamda mas’ul davlat organlarining aniq vazifalari va javobgarligi belgilandi. Shuningdek, chet mamlakatlarda tashkillashtirilgan holda mehnat qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi yurtdoshlarimiz huquqlarini himoya qilish va ularga qulaylik yaratish bo‘yicha aniq vazifalar qayd etildi.

– Prezidentimiz farmoni bilan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi migratsiya agentligi tashkil etildi, – deydi migratsiya agentligi Samarqand filiali rahbari Laziz Ibragimov. – Hukumat rahbari boshchiligidagi migratsiya bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi agentlik migratsiya jamg‘armasi tashkil etildi. 2024–2026 yillarda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Bu o‘zgarish va yangiliklar fuqarolarga qanday yengillik, imkoniyat berishi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Bu haqda shuni aytishim mumkinki, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha ma’lumotlar migratsiya agentligining elektron platformasi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qilib boriladi.

Agentlikning elektron platformasida fuqarolarga o‘zining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda e’lon qilingan ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda rivojlangan mamlakatlarga chiqib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 million so‘mgacha miqdorda Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.

Agentlikning hududiy filiallari tomonidan fuqarolarning xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq, shu jumladan, “ishchi viza”ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlarini ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Kasbga o‘qitish muassasalari agentligimiz tasarrufiga o‘tkazilgan holda ular negizida fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga o‘qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazining filiallari tashkil qilinadi.

Jumladan, viloyatimizdagi qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markaziga shunday maqom berilmoqda. Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi esa xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni o‘qitish uchun agentlikka biriktirildi.

Ushbu muassasalarda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab xalqaro ta’lim dasturlari asosidagi o‘quv kurslari tashkil etiladi hamda ularning bitiruvchilariga xorijiy ish beruvchilar tomonidan tan olinadigan malaka sertifikatlari beriladi.

Xalqaro sertifikatlash tizimlari talablariga javob beradigan malakani baholash markazlari tashkil etiladi.

Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan boshlab ularning xorijdagi qonuniy mehnat faoliyati davlat tomonidan rag‘batlantiriladi. Yurtimizga qaytib kelganida ularga o‘z biznesini boshlashi uchun yer uchastkalari va davlat mulki ob’yektlari ijaraga beriladi, kreditlar ajratiladi, uy-joy ipotekasi taqdim etiladi va ularning bandligi ta’minlanadi.

Filial rahbarining ta’kidlashicha, joriy yilda xorijiy davlatlarning 67 ta ish beruvchi va rekruting tashkilotlari tomonidan 171 marotaba tanlovlar o‘tkazilgan. Ularda samarqandlik 4238 nafar fuqaro qatnashib, 2150 nafari ishga tanlab olingan.

– Yil boshidan buyon viloyatimiz bo‘yicha 15 ming 331 nafar fuqaro xorijda ishga joylashdi, – deydi L.Ibragimov. – Jumladan, ularning 1609 nafari filial tomonidan tashkillashtirilgan tartibda, 191 nafari xususiy bandlik agentliklari tomonidan, 13 ming 331 nafari “online mahalla” elektron platformasida  hokim yordamchilari tomonidan mustaqil ravishda xorijda ishga joylashdi. Shu paytgacha yurtdoshlarimiz asosan MDH davlatlariga ishga borgan bo‘lsa, endilikda migratsiya geografiyasi Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Turkiya, Bolgariya, Latviya, Litva, Slovakiya, Sloveniya, Ruminiya singari Yevropa va arab mamlakatlari hisobiga kengayib bormoqda. Barcha xorijiy davlatlarga ishga borish uchun asosiy talab – o‘sha mamlakat tilini bilish, an’ana va qadriyatlari, qonunlaridan xabardor bo‘lish. So‘ngra, qo‘lida ma’lum bir kasb-hunari bo‘lishi talab etiladi. Hatto, shunday ish beruvchilar borki, talabgor qo‘lida ma’lum bir kasb bo‘yicha sertifikati bo‘lmasa-da, belgilangan til bilish darajasiga ega bo‘lganlarni ham ishga qabul qilib, kasb-hunarga o‘rgatishga tayyor. Shuning uchun xorijda vaqtincha ishlash istagi bilan kelayotgan yurtdoshlarimizni, avvalo, til o‘rgatish markazlariga yo‘naltiramiz. O‘zimizning kasb-hunarga o‘qitish markazlarimizda ham bir nechta chet tili o‘rgatilmoqda. Bu mashg‘ulotlarni mahalliy mutaxassislar bilan birga xorijlik hamkorlarimiz onlayn platformalar orqali olib bormoqda. Masalan, Koreyaning Qirol Sejong koreys tili markazi (KSIF) ushbu davlatga vaqtincha ishga bormoqchi bo‘lganlarga koreys tilini o‘rgatmoqda. Astoydil harakat qilgan, intilgan kishi 6 oyda xorijiy tilni o‘rganishi, muloqot qila olishi mumkin. Til bilgan kishi uchun esa xorijga ishga borish uchun asosiy eshik ochiladi.

Hozir bizga eng ko‘p vakansiya taklif etayotgan davlat Germaniya. Bu mamlakatda xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, qurilish sohalarida ishchi-xizmatchilarga ehtiyoj katta. Bajariladigan ish, kasb-mashg‘ulotga qarab nemis tilini bilishning V-1, V-2 darajasi talab qilinadi. Yaqinda belgilangan tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 23 nafar yurtdoshimiz tibbiyot yo‘nalishida ishlash uchun ushbu davlatga yuborildi. Yana talabgorlar bo‘lsa, yuborishimiz mumkin.

Yil boshidan Rossiya, Koreya, Yaponiya, Turkiyadagi 19 ta yirik ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan muzokaralar olib borilib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida agentlikka takliflar kiritilgandi. Shu paytgacha ularning 4 tasi bilan shartnoma tuzildi. Arab davlatlari bilan ham bugun migratsiya bo‘yicha muzokaralar olib borilib, kelishuvlarga erishganmiz.

Filial tomonidan xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1438 nafar fuqaro hayoti va sog‘lig‘i subsidiya hisobidan sug‘urta qilindi. 236 nafar fuqaroga kelgusida ish haqidan ushlab qolish sharti bilan ish beruvchi tomonidan mikroqarz berildi.

Bugungi kunda mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanadigan xususiy bandlik agentliklari ham ko‘payib bormoqda. Bu litsenziya talab qiladigan faoliyat hisoblanadi, ya’ni ma’lum talablar bor. Ayni paytda respublikamiz bo‘yicha 16 ta, jumladan, Samarqandda 2 ta shunday sub’yekt faoliyat olib bormoqda. Kelgusida agentligimizning ma’lum bir yo‘nalishlari ularga o‘tkaziladi. Lekin litsenziyasi bo‘lmay turib, fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan shug‘ullanayotgan yoki odamlarni aldab, pul undirishga harakat qilayotgan soxta firmalar ham uchrayaptiki, yurtdoshlarimiz bundan ogoh bo‘lishlari lozim. Ularning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda xorijda juda katta miqdorda maosh to‘lanishi, til bilish yoki kasb-hunar bo‘yicha hech qanday talab yo‘qligini aytib e’lonlar berishi ortida ko‘plab yurtdoshlarimiz aldanib, chuv tushib qolmoqda. Fuqarolar bunday firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasligi uchun xorijga faqat qonuniy yo‘l bilan borishga harakat qilishlarini so‘raymiz.

G‘.Hasanov,

A.Isroilov (surat).