Xorijiy davlatlardan yirik miqdordagi aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini yetkazib beruvchilar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan olingan tezkor ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan tadbirda tuman hududidagi “Yuqori nuqta” YPX maskaniga kirib kelgan fuqaro A.N. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilgan.
Jarayonda avtomashina yukxonasida respublika hududiga aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan umumiy bahosi 332 million so‘mlik 8 300 quti “YeSSYe SNANGE” nomli tamaki mahsuloti ortilganligi aniqlangan. Protsessual tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, ushbu noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan tamaki mahsulotlari chet davlat fuqarosi J.M. va Sirdaryo viloyatida yashovchi M.U.ga tegishli ekanligi aniqlanib, davom etgan tadbirda chet el fuqarosi J.M. Samarqand tumanida yashovchi F.E.dan tamaki mahsulotlarini o‘tkazish uchun kelishilgan 11 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.