Xosiyat Bobomurodova: “Nega kelinchak bo‘lgan qizimizni mast-alast davrada ko‘z-ko‘zlaymiz?”
"To‘yga atab qaynotam pishakvachchaday echki yuborgan ekan, uni so‘yib, yarmini o‘zlariga berdik, yarmini pishirdik. Bir payt kuyovlar kelyapti, deb qolishdi. Bir to‘da bolalar va qizlar yugurib tomga chiqishdi. Qo‘shilib men ham chiqdim. Hamma kuyovning qaysiligini so‘ray boshladi. O‘shanda ko‘rib oldim, uzun bo‘yli, oriqroq yigit ekan. Tomosha qilib turgan edik, ayollar va yangalar kelinni izlab qolishdi. "Yor-yor"ni eshitib turgan edik, qizlardan biri meni qayerdaligimni aytib qo‘ydi. Yangalarim biqinimdan chimchib, meni oldiga solib tushdilar. Menga maxsi-kalish, chit kuylak kiydirib, paranji yopintirishdi.
Paranji momolardan qolgan edi, maxsini ham ikki kundan keyin egasi kelib, olib ketdi. Uyimizda bitta bo‘yra, ikkita ko‘rpacha, ikkita yostiq, bitta po‘stak bor edi. Ha, aytgancha, nikohdan so‘ng bir-birimizga tegishli bo‘lgan mulk – akangiz va men edik..."
Oyzoda opa turmush o‘rtog‘i Usmon aka bilan uzoq yillar ahil yashashdi. O‘n farzandni – uch o‘g‘il va yetti qizni voyaga yetkazishdi. Bolalari birovning haqiga xiyonat qilmaydigan, mehnatkash, ilmtalab insonlar.
Yoshlarga ortiqcha hashamatlarsiz ham baxtli bo‘lish mumkin ekan-ku, deb aytgim keladi.
YaNGIChA TO‘YLAR QILAYLIK
Aqlli odamlar o‘zimizda ham allaqachon fotiha to‘yi, charlar degan narsalarni yo‘q qilgan. Turkiyada nikoh kuni 30-40 chog‘li mehmonga shirinlik, qahva yoki choy berisharkan, xolos. Xorijliklar hamisha bizning dabdabalarga hayron qolishgan.
Yana bir gap taklifnomalar haqida. Qimmatbaho konvertlarga solingan qimmatbaho taklifnomalar. Uning o‘rniga dil izhori bitilgan oddiy taklifnoma bo‘lgani yaxshi emasmi?
YaShASIN, KUYoVLAR!
Ikki yil avval bir to‘yni ko‘rdim, kelinni sahnaga olib chiqishmadi. Aslida shunday bo‘lib kelgan-ku, 50-60 yil avval. Birovning oyday qizini paranjiga o‘rab, olib kelishgan va qirq kun chillada saqlashgan. Albatta, bu gapim yoshlar va ayrim odamlarga yoqmaydi. Mayli, kelinchak kuyov bilan mastu hushyorlar o‘tirgan davraga chiqdi ham deylik. Umrida kiymagan yelkasi ochiq, xorijda tikilgan, narxi ikki million so‘mgacha bo‘lgan kelin libosini kiydiramiz. Pardozini aytmaysizmi? Nega iboli, hayoli, ko‘zi ochilmagan qizlarimizni mast-alast davralarda ko‘z-ko‘zlaymiz?
Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari bitiruvchi sinflar va kurslarda "Kelinchaklar qanday kiyinishi kerak?" mavzuida tadbirlar tashkil qilishsa va ularga tajribali kayvonilar, san’at va ijod ahlini taklif qilishsa, ayni muddao bo‘lardi.
Xayriyatki, kuyovlar quyushqondan chiqqan emas. O‘sha kostyum-shim va to‘n, hamisha birdek.
Ulug‘lar, kattalar, kelinglar, sodda va ixcham to‘ylarni biz boshlab beraylik, xalqqa ibrat bo‘laylik. Mening uylanadigan uch nabiram bor. Men shunday to‘y qilishga tayyorman!
Xosiyat BOBOMURODOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
"Mehnat shuhrati" ordeni sohibi.
Maqolaning to‘liq matnini “Zarafshon” gazetasining 45-sonida o‘qing!