Xotin-qizlar bandligiga nega panja orasidan qaralmoqda?
Beshinchi tashabbus bo‘yicha hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 2019-2020 yillarda har bir tumanda yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalarini qurish belgilangan edi.
Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 maydagi “Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining 2019 yil 31 maydagi buyrug‘i ijrosini ta’minlash yuzasidan aholi zich joylashgan qishloq joylarda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan viloyatda “Samarqand-Baraka-Chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Ushbu jamiyat orqali 2019-2021 yillar davomida viloyatning 14 tumanida 28 ta yengil konstruksiyali tikuv sexlari qurilishi belgilangan. Jumladan, 2019 yilda 3 ta (Payariq, Qo‘shrabot va Urgut) tumanlarida tikuvchilik sexlari tashkil etiladi. Bugungi kunda Payariq tumani Fidokor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yengil konstruksiyali tikuv sexi qurib bitkazildi. Ammo sexni yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulashni tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hozirgacha paysalga solmoqda.
Qo‘shrabot, Urgut tumanlarida ham yengil konstruksiyali tikuv sexi qurilishi ishlari yakunlangan. Lekin hanuzga qadar mazkur korxonalar o‘z faoliyatini boshlamagan.
Hukumat qarori bo‘yicha 2019 yilning uchinchi choragida Narpay tumani Tepa mahallasida 300 nafar ishchi o‘rinli tikuvchilik sexi ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori bo‘lsa-da, qurilish ishlari hanuzgacha boshlanmagan.
Xo‘sh, minglab oilalarni ish bilan ta’minlash kabi muhim vazifani ko‘zda tutgan mazkur korxonalar nega haligacha ish boshlamagan? Nega bu vazifalarga hamon panja orasidan qaralmoqda?
Gulruh MO‘MINOVA.